Kimlarga oziq-ovqat mahsulotlari uchun qoʼshimcha toʼlov toʼlanadi?

    Pensiya jamg‘armasi Matbuot xizmati tegishli me’yoriy hujjatlarga tayanib, bu savolga javob berdi.

    Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 iyundagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarining moddiy taʼminotini yaxshilash hamda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarni qoʼllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida”gi PQ-274-son qaroriga muvofiq, 1941 — 1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar kontslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, shuningdek, oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiena tovarlari oʼrniga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida qoʼshimcha toʼlov (2022 yil 1 iyun holatiga 300 000 soʼm) toʼlab borilishi belgilangan.

    Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz keksalar yoki nogironligi boʼlgan shaxslar toʼgʼrisida taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan, joriy yilning iyun oyi uchun 3 758 nafar fuqarolarga toʼlov qaydnomalari shakllantirilib Oʼzbekiston Respublikasi aktsiyadorlik tijorat Xalq banki va boshqa tijorat banklariga yetkazildi va 28 iyun holatiga 3 722 nafarga yoki 99 foiz toʼlovlar amalga oshirildi. Joriy yil iyun oyida vaqtincha uyida yoʼqligi sababli toʼlanmasdan qaytarilgan 36 nafar fuqarolarga qoʼshimcha toʼlov mablagʼlari iyul oyi toʼlovlariga qoʼshib yetkaziladi.