Bugun Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish Markazi hamkorligida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtadi.

Tadbir avvalida anʼanaga koʻra, taniqli kino va estrada yulduzlari “qizil yoʻlak”dan oʻtishadi. Soʻngra kecha mehmonlari uchun Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlari chempioni Safiya Burxanova matonati haqida hikoya qiluvchi “Matonat maktabi” qisqa metrajli filmi hamda Agentlik buyurtmasiga binoan yaratilgan “Ayol qalbi” badiiy filmlarining katta premyerasi oʻtkaziladi. “Ayol qalbi” filmining postanovkachi rejissyori Jamilaxon Poʻlatova.

Shuningdek, bayram tadbirida mehmonlar uchun taniqli estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturi taqdim etiladi.

Tadbir 18:00 da boshlanadi, barcha ayollar, kinoijodkorlar, OAV vakillarini taklif etamiz!

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati