Konferensiyada Butunrossiya davlat kinematografiya institutining oʻzbekistonlik talabalari uchun maxsus stipendiyalar topshirildi.
Institutning Toshkentdagi filiali talabalari uchun esa hujjatli filmlar uchun grantlar taqdim etildi.
Konferensiyada kinoekspertlarning milliy kinematografiya sohasi boʻyicha dolzarb mavzudagi maʼruzalari tinglandi. Jumladan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Qamara Kamalovaning “Kino sanʼati: kecha va bugun”, institut professori Odelsha Agishevning “VGIK: oʻtmish va bugun” va boshqa maʼruzalar mavjud.
Konferensiyada Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori, akademik Vladimir Malishev ham ishtirok etdi.
Mazkur konferensiya videokoʻprik aloqalarni oʻrnatdi. Unda Zoom platformasi orqali Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan videomurojaatlar oʻrnatildi. Jumladan, Rossiyada xizmat koʻrsatgan artist Farhod Mahmudov Rossiyadan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Seydulla Moldaxanov AQSHdan konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat bilan chiqdi.
Maʼlumot uchun, maʼlum muddat oʻzbekistonlik talabalar VGIKda tahsil olmayotgan edi. 2020-yilda Kinematografiya agentligi hamda VGIK bilan hamkorlik memorandumi imzolab, birinchi yil 7 ta talaba, joriy yil sentyabr oyida 22 ta talaba oʻqishga yuborildi va talabalarning shartnoma pullari agentlik tomonidan qoplab berildi. Hozirda agentlik tomonidan abituriyentlar uchun kinematografiyaning turli yoʻnalishlari boʻyicha tanlov eʼlon qilingan.
Shuningdek, joriy yilda boʻlib oʻtgan Toshkent xalqaro kinofestivalida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning Toshkent filiali ochildi. Hozirda unda dramaturgiya va kinoprodyuserlik yoʻnalishlari boʻyicha talabalar tahsil olmoqda.
Kinematografiya agentligi tomonidan oʻtkazilayotgan “Milliy kinematografiya – Yangi Oʻzbekiston timsoli” kino oyligi davom etmoqda.