Mazkur ijodiy safar ishtirokchilarini fargʻonaliklar koʻtarinki kayfiyatda kutib olishdi. “Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya” shiori ostida Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi Musiqali maqom teatrida ular bilan uchrashuv tashkil etildi. Tashrif davomida fargʻonalik yurtdoshlarimiz uchun Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan “Rangsiz tushlar” hamda “Ibrat” badiiy filmlari namoyish etildi.

Bundan tashqari, ijodkorlar bilan Islom Karimov nomidagi musiqali drama teatri, Fargʻona Politexnika instituti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Qoʻqon filiali, Yozyovon tumani 28-bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamda Fargʻona viloyat ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari va davra suhbatlari boʻlib oʻtdi.

Samimiy ruhda tashkil etilgan uchrashuvlar fargʻonaliklarda ijobiy taassurot qoldirdi. Kino ixlosmandlari sevimli aktyor va aktrisalari bilan ijodiy suhbatlar qurishdi, shuningdek, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.