Yaʼni, tadbirkorlar toʻgʻri ishlash “soyada ishlashdan” afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari boʻyicha moliyaviy jarimalar qoʻllash bekor qilindi.

Umuman, oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpaydi, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻldi.

Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi.

Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi.

Boʻlib oʻtgan ochiq muloqotlardan keyin soʻnggi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.