“Sinopharm Group” rahbari bilan uchrashuv chogʻida COVID-19 pandemiyasi sharoitida farmatsevtika sohasida, dorivor oʻsimliklar xom ashyosini qayta ishlash va Oʻzbekiston hududida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni hayotga tadbiq etish borasidagi oʻzaro hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi.

Lyu Szinchjenning bildirishicha, hozirgi paytga qadar koronavirusdan himoya qiladigan vaksina klinik sinovlarining ikki bosqichi muvaffaqiyatli oʻtgan. Bu “Xitoy milliy biotexnologiya guruhi” (China National Biotec Group, CNBG) boʻlinmalaridan biri - “Sinopharm Group” guruhi tomonidan ishlab chiqilgan inaktivlashtirilgan va rekombinant vaksinadir.

Mazkur vaksina inson tanasiga yuborilganidan keyin inaktivlashtirilgan taʼsir qilish muddati 2 yil va undan koʻproq muddatni tashkil qiladi. Bugungi kunda Xitoy hududida 50 mingdan koʻproq odam ushbu vaksinani qabul qilgani maʼlum. Joriy yil iyul oyida vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida Pekinda ikkinchi yirik zavodning qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Natijada mamlakatning ushbu zarur mahsulotning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshgani holda yiliga 200 million dozaga yetdi. Birinchi zavod Uxan shahrida qurilgan edi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Koronavirus keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash uchun “Sinopharm” 90 dan ortiq turdagi dori-darmon vositalarini ishlab chiqaradi, ularning ijobiy samarasi 94 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, korporatsiya oʻzining COVID-19 kasalligini aniqlaydigan test toʻplamlarini ham ishlab chiqqan.