Oʻzbekiston amaliy sanʼati juda boy va rang-barang boʻlib, u uzoq tarixga ega. Qadimgi va zamonaviy oʻzbek ustalari – hunarmandlarning kulolchilik, gilamchilik, ipakchilik, kashtadoʻzlik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, zargarlik, kandakorlik, naqqoshlik va boshqa sohalardagi eng sara asarlari oʻzbek amaliy sanʼatining har bir tarixiy davrdagi rivojlanish bosqichini namoyon etadi.

Mamlakatimiz mustaqillikga erishgach, xalqimizning milliy madaniyati, anʼanalarini eʼzozlashga, shuningdek, anʼanaviy hunarmandchilikni avaylab-asrashga qiziqish va eʼtibor kuchaydi, usta-hunarmandllarni qoʻllab-quvvatlashni davlat oʻz zimmasiga oldi. “Ustoz-shogird” tamoyiliga asoslangan yosh usta-hunarmandlarni tayyorlash maktablari qayta jonlandi, Oʻzbekistonda amaliy sanʼatning deyarli unutilayozgan turlari ham qayta tiklandi.