O'zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, “YAngi kitob” va “Bayoz” nashriyotlari bilan hamkorlikda sahovatpesha homiylar ko'magiga turli ta'lim dargohlariga turfa tillardagi va mavzulardagi kitoblarni taqdim etish bo'yicha “Kitob – ma'naviy nur” aktsiyasini boshlab yubordi.
Qisqa fursat ichida ushbu nashriyotlarda chop etilgan ellikdan ortiq adabiyotlar, jumladan Zahiriddin Boburning “Boburnoma”, O'tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Ortiqali Namozovning “Odilovni otmoqchi edilar”, Koel`o Pauloning “Al Kimyogar”, “Iblis va Prim xonim”, Deyl Karnegining “Oilada baxtga erishish yo'llari”, Gi De Mopassanning “Azizim”, Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha”, Vladimir Kuninning “Baloi nafs” asarlari, turli foydali lug'atlar va test kitoblari, qo'llanmalar, tarjimalar Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirliklarining Malaka oshirish markazlariga, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga, Toshkent shahri Sirg'ali tumanidagi “Quruvchilar” mahallasiga tuhfa etildi.
Ayniqsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyadagi aktsiya kitob yarmarkasiga aylanib ketdi. Kursantlar o'zlarini qiziqtirgan turli asarlarni maroq va qiziqish bilan mutolaa qildilar, o'zlariga ma'qul eng sara kitoblarni tanlab oldilar.
– Bugungi kunda nashriyotlarimizning ustuvor maqsadlaridan biri aholi, ayniqsa yoshlar orasida Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusdan biri hisoblangan kitobxonlikni keng targ'ib qilish, ularning talab va istaklariga mos adabiyotlarni tayyorlab, chop etishdan iborat, - deydi “YAngi kitob” nashriyoti bosh muharriri Anvar Namozov. – Ming afsuski, har qanday yaxshi kitob ham o'quvchi ya'ni iste'molchiga etib bormas ekan, ko'zlagan ulug'vor maqsadlarimizga to'liq erisha oldik, deya olmaymiz. SHu sababli biz noshirlar o'z ishimizni zamonaviy bozor talablariga moslangan holda o'quvchilarga yanada yaqinroq bo'lishimiz lozim. Xudoga shukr, nomini tilga olishni istamagan homiylarimiz ham ma'naviyat borasida bizni qo'llab-quvvatlab kelishmoqda.
– Darhaqiqat, yaxshi kitoblar albatta keng aholi qatlamlariga, olis olis qishloqlarga qadar etib borishi shart. SHu maqsadda biz respublikamiz miqyosida yuzga yaqin “Iste'molchilar kutubxonalari”ni bunyod etish ishlarini davom ettirayapmiz. Hozirga qadar ularning yigirmaga yaqini ishga tushirildi, - deydi O'zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov. –“Kitob – ma'naviy nur” aktsiyasi shu kunlarda karantin davrida kitob do'konlari va bozorlari ishlamayotgan sharoitda oilalarda qolayotgan o'quvchilar ehtiyojlarini qondirishni ko'zlaydi. Albatta, odamlarni birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash juda muhim. SHu bilan birga “ma'naviy oshqozon”ni – tafakkurni ham och qoldirishga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Boshqa tomondan, sinovli davrda iqtisodiy aholi bir qadar qiyinlashgan nashriyotlar faoliyatini qo'llab-quvvatlashni nazarda tutganmiz. Bugun esa aktsiyamizni Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov shaxsan qo'llab-quvvatladi va uni ommalashtirish zarurligi haqida ijobiy fikrlar bildirdi.
– Federatsiyaning xayrli tashabbusini albatta Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan iliq kutib olindi hamda barcha mahallalarda ham tashkil etish uchun tegishli choralar ko'rishni rejalashtirganmiz, - deydi mazkur vazirlikning matbuot kotibi Saodat Boymirzaeva – Aktsiyaga boshqa nashriyotlarni ham jalb etgan holda har bir mahalla hududida tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, yangi va ko'rkam holda tashkil etilayotgan Mahalla binolarini homiylar ko'magida zamonaviy adabiyotlar bilan to'ldirish ham birlamchi vazifalarimiz qatoriga kiradi. SHunisi aniqki, kitob kirib borgan oilada nur va fayz bo'ladi, o'rganishlar chog'ida ko'p adabiyot o'qigan oilalarda ajrimlar kamroq kuzatilishiga, xotirjamlik va qut-barakaga, baxtiyorlikka guvoh bo'ldik.
Manija BAHRIEVA,
jurnalist