Uchrashuvga Jamoat xavfsizlik universiteti dotsenti Elmirza Erkayev moderatorlik qildi. Shoira yoshlarga oʻz hayot yoʻli haqida soʻzlab berdi. Maktab yillarini eslarkan, adiba kitob oʻqishga qiziqtirishda bobolarining rollari haqida alohida taʼkidlab oʻtdi. Yosh Farogʻatga bobosi avval muqaddas Qurʼon suralarini qiroat bilan yodlatib, keyin kitob oʻqishni targʻib qilgan ekan.
“Shu, shu qoʻlimdan kitob tushmaydi. Kitob oʻqish hayotimning mazmuniga aylangan.”, — dedi adiba. Oʻquvchiligida maktabda tashkil etilgan “Umid” adabiy toʻgaragi hayotida alohida oʻrin tutishini ham aytib oʻtdi.
Toʻgarak rahbari boʻlgan oʻzbek tili va adabiyot oʻqituvchisi, 25 yoshida Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan yozuvchi va talabchan rahbar Temirpoʻlat Tillayevni oʻzgacha mehr bilan esladi. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida oʻqigan paytlari “Umid” toʻgaragida olgan saboqlari qanchalik yordam bergani va shoira boʻlishida asosiy oʻrin tutganini yoshlarga ibrat sifatida tilga oldi.
Shoira hayotida erishgan yutuqlarining bariga kitobni sevishi sabab boʻlgani bois ishtirokchilarni koʻproq mutolaaga chorladi. Suhbat davomida Farogʻat Xudoyqulova ustozlari Oʻzbekiston shoiralari Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva va Oydin Hojiyevalar ijodi va hayoti haqida koʻpchilik bilmaydigan maʼlumotlarni aytib berdi.
Shuningdek shoira oʻz ijodidan namunalar ham oʻqib berdi. Bir soatga moʻljallangan tadbir roppa-rosa ikki soatga choʻzildi. Maktab jamoasi va “Qorasaroy” mahallasi yoshlari bunday tadbirlar koʻproq va muntazam boʻlishini soʻrashdi. Bundan ruhlangan shoira maktabga yana kelishini aytdi.
Shu oʻrinda aytish joizki, mazkur tadbirlarni oʻtkazishda bizga Jamoat xavfsizligi universiteti qoʻmondonligi yaqindan yordam berib kelmoqda. Buning uchun universitet boshligʻi polkovnik M.Rustamboyev, boshliq oʻrinbosarlari podpolkovnik M.Mirakulov, polkovnik I.Mahmudov va oʻquv-uslubiy boshqarma boshligʻi polkovnik M.Rasulmetovlarga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Toʻlqin Saydaliyev,
Jamoat xavfsizligi universiteti
professori, isteʼfodagi podpolkovnik.