Delegatsiya aʼzolari Mozandaron viloyatida faoliyat yuritadigan “North Industrial Marine Coating Co.” kompaniyasining lak-boʻyoq zavodidagi ishlab chiqarish quvvatlari va laboratoriya faoliyati bilan tanishdi.

Korxona boshqaruvi raisi Suhrob Purmaddoh bilan Kitob tumanida lak-boʻyoq mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish boʻyicha sarmoyaviy loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi. Ularning yakunlari boʻyicha joriy yil avgust oyida S.Purmaddoh boshchiligidagi delegatsiyaning Kitob tumaniga safarini uyushtirish hamda mahalliy hamkor bilan rejalashtirilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Amaliy safar doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Tehron kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar va savdo qiluvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistondan Eronga toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish istiqbollari mavzusiga bagʻishlab oʻtkazilgan davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyati va Kitob tumanining sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati toʻgʻrisidagi taqdimot marosimi ham tashkil etildi.

Tehron kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar va savdo qiluvchilar uyushmasidagi muzokaralarning yakunlari boʻyicha Kitob tumani hokimligi va Eronning “Payam Gostar Tejarat Farda” oʻrtasida Oʻzbekistondan Eronga 5 million dollar miqdorida toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish yuzasidan kelishuv imzolandi.

Kitob tumani delegatsiyasi aʼzolari Eronning “AMS Industrial Group” kompaniyasi ishlab chiqarish quvvatlari bilan ham tanishdi. Kompaniya boshqaruvi raisi Behnom Fatxixallaj bilan Kitob tumanida tosh maydalash, qum va shagʻal mahsulotlarini tayyorlashga ixtisoslashgan korxona barpo etish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi.

Ularning natijalari boʻyicha “AMS Industrial Group” kompaniyasi rahbarining Kitob tumaniga amaliy safarini uyushtirish va sarmoyaviy loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.

Safar doirasida Kitob tumani delegatsiyasi “Golrooyan Engineering Co.” kompaniyasi vakillari bilan tumanda turli xil oʻlchamdagi plastik suv bochkalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish boʻyicha loyihani hayotga tadbiq etish istiqbollari yuzasidan muzokaralar oʻtkazib, birlamchi kelishuvga erishdi.