Tadbirda yozuvchilar uyushmasi mutasaddi xodimlari, shoir va tarjimonlar, shuningdek, yoshlar ishtirok etdi.
Tomchida quyosh aks etganidek, “Yangi Oʼzbekiston”kitob-albomidan oʼrin olgan har bir dalil va maʼlumot, surat va lavha bunyodkor xalqimizning kuch-gʼayrati va salohiyati bilan erishilgan, barchamiz uchun gʼoyat qadrli boʼlgan yuksak marralar xususida, dunyoda yagona, aziz va moʼʼtabar ona diyorimiz — Oʼzbekistonimiz haqida hikoya qiladi.
Taqdimot davomida Ikkkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga Oʼzbekiston xalqining qoʼshgan munosib hissasiga bagʼishlangan “Oʼzbekiston ikkinchi jahon urushi davrida“ kitobi toʼgʼrisida bir-biridan qiziqarli maʼlumotlar keltirildi.
Kitob arxiv va muzeylarda, shaxsiy albom va kutubxonalarda saqlanayotgan materiallar, hujjatlar va noyob suratlarni toʼplash va oʼrganish yoʼli bilan tayyorlangani taʼkidlandi.
Taqdimot soʼnggida, jami 100 jilddan iborat boʼlgan jahon adabiyotida oʼchmas iz qoldirgan, koʼpchilikka yaxshi tanish boʼlgan rus shoir va yozuvchilari A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, M.Y.Lermontov, F.M.Dostoyevskiy va boshqa koʼplab atoqli ijodkorlarning asarlarini oʼz ichiga olgan “Rus adabiyoti durdonalari“ asarlar toʼplamining taqdimoti boʼlib oʼtdi. Kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu kitoblar oʼzbek tilida kirill va lotin grafikasiga asoslangan oʼzbek alifbosida taqdim etilmoqda.
Suhrob TUGАLOV