Soʻnggi yillarda viloyatda yangi paydo boʻlgan elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Qarshi shahridan tashqari boshqa birorta tumanda IT markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, 60 ta kollejda boʻsh turgan 28 ming kvadrat metr maydonda ham ishlab chiqarish, ham amaliy taʼlimni yoʻlga qoʻysa boʻladi.

Ana shunday boʻsh turgan bino negizida kitoblik tadbirkor IT klaster va universitet ochish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident bu taklifni maʼqulladi.

Viloyat va tuman hokimlariga har bir tumandagi ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash, kollej va texnikumlar yil davomida qaysi kasb boʻyicha nechta mutaxassis tayyorlashi lozimligini belgilab berish hamda taʼlim muassasalarida ish beruvchilarning amaliy ustaxonasi va sexlarini ochish topshirildi.

Bu ishlarga 30 milliard soʻm ajratiladi.