Kiyim va oyoqlar orasiga yashirilgan zargarlik buyumlari fosh boʻldi

    Sirdaryo viloyati “Malik” chegara oʻtkazish punktidan oʻtayotgan fuqaro tekshirilganda uning ichki kiyimlari va oyoqlari orasiga yashirilgan 9 turdagi 468 dona qimmatbaho metalldan yasalgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

    Davlat bojxona xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu shaxs zargarlik buyumlarini yashirincha olib oʻtishda yonidagi 14 yoshli nevarasidan ham foydalangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, voyaga yetmagan ushbu shaxs ham belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, uning ham ichki kiyimlari orasiga 12 dona oʻram yashirilgani aniqlandi. Mazkur oʻramlarda esa 8 turdagi 454 dona taqinchoqlar borligi maʼlum boʻldi.

    Bojxona nazoratidan yashirilgan jami 922 dona tilladan yasalgan brilliant toshlar oʻrnatilgan zargarlik buyumlarining umumiy ogʻirligi 6,7 kg.dan oshmoqda, umumiy qiymati esa 5,6 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, respublikamizga jismoniy shaxslar tomonidan 65 gr.gacha ogʻirlikdagi qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi, — deyiladi xabarda.