Bozorlarda oyoq qoʻygani joy ham qolmay ketadi mavsumda. Ur-sur talomon. Baqir-chaqir, ishqilib tezroq savdoni yakunlasa-yu, gʻalvadan qutulsa.

Bilasizmi, kiyim sotib olayotganda, ayniqsa, farzandlarga kiyim olayotganda uni yaxshilab hidlab koʻrish kerak. Rossiyalik marketing boʻyicha mutaxassis Yekaterina Dvornikovaning tavsiyasiga koʻra, kiyimdan juda oʻtkir xid kelsa, uni sotib olmagan maʼqul.

Bolalarga kiyim sotib olayotganda, albatta, sertifikat soʻrash va yorliqdagi maʼlumotlarni oʻqish kerak. Bola uchun yuqori sifatli va qulay kiyim-kechak sintetika qoʻshilgan tabiiy matolardan, astar va bluzkalar esa bola terisiga tegib turishi sababli faqat paxta matosidan tayyorlangan boʻlishi lozim.

“Neytral ranglardan tikilgan kiyimlarni sotib olish va juda yorqin ranglardan saqlanish lozim. Zero, oʻta yorqin ranglar matoda haddan ortiq boʻyoqlar mavjudligini koʻrsatadi. Forma qanchalik yorqin boʻlsa, boʻyoqlar massasi ham shunchalik yuqori boʻladi. Toʻgʻri, yuvgan sari, matoning rangi oʻchadi, ammo boʻyoq hidi yoʻqolmadi. Bu esa sogʻliq uchun zararli. Bundan tashqari, koʻpchilikning boʻyoqlarga alergiyasi bor”, — deydi Dvornikova.