Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti kiyinish uslubining xonalardagi sovutish tizimiga taʼsirini tahlil qildi: kostyum va galstuklar oʻrniga qulay kundalik kiyimga oʻtish ichki energiya isteʼmoliga sezilarli taʼsir koʻrsatishi, xarajatlarni kamaytirish va iqlim uchun foydali boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston boʻyicha maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, binolardagi konditsionerlar haroratini 2 darajaga pasaytirish 293 million kVt/soat elektr energiyasini tejash va korbanad angidrid ajralishini 155,8 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Xonalarni sovitish uchun sarflanayotgan energiya dunyoda isteʼmol qilinayotgan elektr energiyasining 10 foizini, yillik issiqxona gazlari ajralishining salkam 4 foizi (1,950 million tonna) ni tashkil etadi.
Konditsioner haroratini (sovutish tartibida) 1 darajaga oshirish isteʼmol qilinadigan elektr energiyasini 7 foizga tejaydi, yengil kiyim kiyish esa xonadagi ideal haroratni Selsiy shkalasi boʻyicha 2 darajaga oshiradi.
Qulay harorat oraligʻi 23,5 darajadan (kostyumdagi ishchi uchun) 29 darajagacha (yozgi kiyimdagi kishi uchun) tashkil qiladi. Ammo koʻp hollarda termostat koʻrsatkichi eng quyi chegaraga oʻrnatiladi va natijada ishchilarning katta qismi hatto yilning jazirama kunlarida ham issiq kiyim kiyadi.
Baʼzi mamlakatlarda kostyum va galstukli ishchilar uchun qulay harorat yaratish uchun konditsionerlardan foydalanmaslikka harakat qilinmoqda va qulay kundalik kiyimlar kiyish ragʻbatlantirilayapti.
Jumladan, Yaponiya hukumati tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Cool Biz” tadbiri orqali ofislarda ruxsat etilgan kiyinish uslubini oʻzgartirish ragʻbatlantiriladi hamda energiyani tejashga erishiladi. Janubiy Koreya ham 2006-yildan “Cool Biz” tadbirini tatbiq eta boshladi.
BMT Bosh kotibi energiya sarfini kamaytirish va BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohining uglerod gazini kamaytirishga qaratilgan “Cool UN” tashabbusi bilan chiqdi.
Shanxayning Luszyaszuy hududidagi 32 ta ofis binosida kostyum va galstuklar yengil kiyimlarga almashtirilgan hamda xonalardagi harorat ikki darajaga, yaʼni 26 darajaga koʻtarilgan.
“Mavsumga qarab kiyinish” ob-havo omilini inobatga olgan holda va qulaylik darajasidan kelib chiqib kiyinishni anglatadi. Bu nafaqat ichki energiya isteʼmolini qisqartiradi, balki xarajatlarni kamaytiradi va iqlim uchun ham foydali.