Klaster — bir necha yoʻnalishlarni jamlagan yirik tuzilma

    “Tashkent Sotton Textile Cluster” (“TCT Sluster”) masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

    Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent Sotton Textile Cluster” (“TCT Sluster”) MCHJ qaldirgʻoch klasterlardan hisoblanadi. U koʻp tarmoqli — paxta va gʻallachilikka ixtisoslashtirilgan “TST Agro Cluster”, sholichilikka ixtisoslashtirilgan “TCT Rice”, baliqchilikka ixtisoslashtirilgan “TCT Fish” klasterlarini birlashtirgan.

    “TCT Rice”da klaster usulida sholi yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning toʻliq sanoat zanjiri yaratilgan. Natijada shu paytgacha, asosan, qoʻl kuchi va qoʻlbola uskunalardan foydalanib kelingan sholichilik tarmogʻi sanoatlashtirildi. Bunda investor tomonidan umumiy qiymati 25 milliard soʻmlik ziyod loyiha amalga oshirilib, Sholini qayta ishlash va saqlash majmuasi bunyod etilgani ayni muddao boʻldi.

    Tumanning “Surum” MFY hududidagi qarovsiz boʻlib qolgan hududda tashkil etilgan majmuaning umumiy maydoni 6 gektarga teng. U oʻzida xirmon maydoni, umumiy sigʻimi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda sholini qayta ishlash zamonaviy zavodini birlashtirgan.

    Klaster tomonidan 2,5 ming gektardan ortiq yerda sholi parvarishlanib, olingan hosil shu yerda qayta ishlanadi.

    Sholini qayta ishlash zavodi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasidan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan. Bir mavsumning oʻzida 40 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega.

    “TST Agro Cluster” klasterida dastlabki paytda faqat paxta yetishtirilgan boʻlsa, 2020-yildan gʻallachilik ham yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilda 13 400 gektarda gʻalla parvarishlanib, jami 54 ming tonnadan ortiq sara don oʻrib-yanchib olindi. 11 461 gektarda yetishtirilgan paxta hosili esa yigʻib-terib berib olinmoqda. Bunda nafaqat qoʻl terimi, balki 75 ta yuqori unumli paxta terish mashinalari kuchidan foydalanilmoqda. Mavsum yakunlari boʻyicha 45 850 tonna paxta xom ashyo yigʻishtirib olinishi, oʻrtacha hosildorlik gektariga 40 sentnerdan ortishi kutilyapti.

    Taqqoslash uchun keltiramiz, fermer xoʻjaligi davrida, ayniqrogʻi, 2018-yilda oʻrtacha hosildorlik 11,8 sentnerni, yalpi hosil esa 13 054 tonnani tashkil etgan, xolos.

    Bugungi kunda klaster tomonidan tayyor toʻqimachilik va tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Qiymati 140 million yevrolik ushbu loyiha doirasida “Tashkent Cotton Textile” MCHJning birinchi bosqichini bunyod etish ishlari deyarli yakunlandi.

    Toʻqimachilik majmuasi ip yigirish, boʻyash, toʻqimachilik, pardozlash va tikuvchilik fabrikalaridan iborat boʻladi. Bu yerda yiliga 20,6 ming tonna mato va 65,0 million dona tayyor toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.

    “TST Fish Cluster” klasteri Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi tegishli qarori bilan Quyi Chirchiq tumanidagi “Baliqchi” aksiyadorlik jamiyati negizida tashkil etilgan.

    Suv havzalarining umumiy maydoni 2385 gektar boʻlib, shundan 1750 gektarida tovar baliq parvarishlanadi. Shuningdek, baliq chavoqlari olish va oʻstirish uchun ona baliqlar parvarishlash, qishlash hovuzlari mavjud. Bundan tashqari, klaster tarkibida baliqni qayta ishlash sexi, inkubatsiya sexi, maxsus laboratoriya ishlab turibdi.

    Klaster tomonidan zogʻorabaliq, oq doʻngpeshona, oq amur kabi baliq turlari parvarishlanib, yiliga 4 500 tonnagacha baliq ovlanmoqda.

    “TCT Fish Cluster” klasterida baliq genofondi yaxshilash, genetik materialini yangilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, baliq naslini yaxshilash maqsadida Belarus Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining ilgʻor baliqchilik xoʻjaliklari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, 9 mln. dona baliq lichinkalari keltirildi. Bu esa 3-5 yil ichida klasterda baliq genofondni toʻliq yangilash (baliq turiga qarab) imkonini berdi.

    Klasterda baliq kasalliklarini tez aniqlash va chuqur tahlil qilish, shuningdek, suv sifati va tarkibini baholash xizmatlarini tashkil etish boʻyicha zamonaviy laboratoriya majmuasini yaratish qaratilgan ikki bosqichli loyiha amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birinchi bosqichda ixtiopatologiya, gidrokimyo va gidrobiologiya yoʻnalishlari boʻyicha yangi zamonaviy laboratoriya majmuasini, ikkinchi bosqichda mikrobiologiya kafedrasi tashkil etiladi. Ayni paytda laboratoriya binolarini loyihalashtirish ishlari yakunlanmoqda, shuningdek, qurilish-montaj ishlari joriy yilning noyabr oyida boshlanadi.