Klaster shaklidagi mebelchilik kichik sanoat zonalari tashkil etiladi

    Hukumat 24 Iyun 2021 2274

    Endi tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish boʻladi. Shuningdek, tarmoq va hududlarga imtiyoz va preferensiya berilganda, nafaqat investitsiya hajmi, balki yangi ish oʻrni tashkil etish ham hisobga olinadi.

    Bu haqda ayni paytda investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.

    Prezident mutasaddilarga kelgusi yil byudjet va investitsiya dasturlarini shakllantirishda ushbu talablarni asosiy mezon sifatida kiritish boʻyicha topshiriq berdi.

    Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov tarmoq, hudud va bank rahbarlari bilan birga quyidagi yoʻnalishlarda ishlarni tashkil etishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Avvalo, har bir tuman va shaharning mahalliy sanoat boʻyicha ishga solinmagan imkoniyat va salohiyatlarini aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqishi zarur.

    Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatimizda qoʻshnilarni ham hisobga olganda, mebel mahsulotlari bozori 2,5 milliard dollarga teng. Lekin respublika boʻyicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgan boʻlib, ularni sanoatlashtirish orqali kamida mingta loyihani amalga oshirish mumkin.

    Misol uchun, Xorazmdagi mebelsozlarning 44 foizi Xonqada joylashgan. Tumandagi Istiqlol, Barkamollik, Paxtagul va Vatanparvar mahallalarida 100 dan ziyod oila oʻz xonadonlarida mebel ishlab chiqaradi.

    Shu bois, joriy haftada mebel sanoatini rivojlantirish boʻyicha imzolangan qarorga muvofiq, 15 ta tuman (shahar) mebelsozlikka moslashtirildi.

    Nukus, Andijon, Oltinkoʻl, Romitan, Qarshi, Karmana, Pastdargʻom, Uzun, Bagʻdod, Oʻrta Chirchiq, Xonqa tumanlari, Jizzax, Qarshi, Namangan va Yangiyer shaharlarida klaster shaklidagi mebelchilik kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtiriladi va kamida 7,5 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.