Klaus Mangold: “Maqsad — Yevropada Oʻzbekistonning turizm sohasidagi mavqeini yanada mustahkamlash”

    Turizm 24 Noyabr 2022 956

    23-noyabrda Turizm va madaniy meros vazirligida Germaniyaning “Mangold consulting GMBH” raisi, professor Klaus Mangold bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov yuqori martabali mehmonga tashrif uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Uchrashuvda Yevropa davlatlarida Oʻzbekistonning turistik salohiyatini keng targʻib etish va yevropalik sayyohlar oqimini koʻpaytirish doirasida olib borilayotgan loyihalar haqida soʻz yuritildi. Xususan, joriy yil 18noyabrda Germaniya turistik assotsiatsiyasi prezidenti Norbert Fiyebig bilan boʻlgan uchrashuv yakuniga koʻra erishilgan masalalar, DRV tarkibiga kiruvchi eng yirik turistik operatorlar ishtirokida “Destination Fourm” loyihasini oʻtkazish, shuningdek, vazirlik tomonidan Yevropa bozoriga moʻljallangan mediarejani amalga oshirish bilan bogʻliq qator masalalar muhokama etildi.

    Taʼkidlash kerakki, K.Mangold “Destination Fourm” loyihasi doirasida nafaqat Germaniya, balki Shveysariya, Avstriya kabi Yevropa davlatlarining eng yirik va salohiyatli OAV va turistik tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ekanligini qayd etdi. Shuningdek, “Uzbekistan” milliy brendini xorijda keng targʻib qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

    “2023-yil mart oyida Germaniyaning Berlin shahrida “ITB Berlin-2023” xalqaro turizm yarmarkasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kelgusi yili Germaniyada Oʻzbekistonning arxeologik boyliklari koʻrgazmasini tashkil etish koʻzda tutilgan, — dedi Klaus Mangold. — Bu tadbirlardan maqsad yevropalik sayyohlarning Oʻzbekistonga boʻlgan eʼtiborini oshirish, mamlakatingizning diqqatga sazovor jihatlarini butun dunyoga yanada kengroq tanitish va bu orqali mamlakatingizning Yevropa va jahondagi mavqeini mustahkamlashdir”.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Yevropaga yanada keng targʻib etish doirasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turizm sohasi vakillari uchun oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, Germaniya tajribasiga asosan, yurtimizda tematik parklarni ochish imkoniyatlari, Germaniya – Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar tashkil etish hamda kelgusi yilda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Oʻzbekistonning arxeologik boyliklari koʻrgazmasi masalalari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

    Maʼlumot uchun, “Mangold Consulting GMBH” kompaniyasi 15 yildan ortiq vaqt Germaniya va xorijdagi milliy va xalqaro kompaniyalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va muassasalarga muvaffaqiyatli maslahatlar berib kelyapti.

    Professor Klaus Mangold Oʻzbekistonning turistik salohiyatini yuqori baholadi. Qolaversa, Oʻzbekistonda turizm jadal suratlarda rivojlanib borayotganini va bunda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    Klaus Mangold “Ipak yoʻlida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining ahamiyatini yuqori baholadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.