Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan oʻtkazilgan anjumanda Afgʻoniston madaniyat va axborot vaziri oʻrinbosari Atiqulloh Aziziy, Savdo-investitsiyalar palatasi raisi oʻrinbosari Hoji Xayruddin Moil, «Salom vatandosh« oʻzbek telekanali bosh muharriri Najibulloh Armon, oʻzbek jamoat tashkilotlari faollari va OAV xodimlari qatnashdi.
Madaniyat va axborot vaziri oʻrinbosari Atiqulloh Aziziy tadbir avvalidagi nutqida, Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatiga ikki davlat munosabatlarini jadallashtirish yoʻlida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
«Oʻzbekiston eng yaqin doʻst mamlakat sifatida, afgʻon xalqiga har tomonlama yordam berib kelmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston hukumati vakillarining Kobulga tashriflari ikki tomonlama munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Ular nafaqat savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga, balki Oʻzbekiston va Afgʻoniston madaniy aloqalarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda«, dedi u.
Atiqulloh Aziziyning aytishicha, Madaniyat va axborot vazirligi qoshida «Tillar va adabiyotni qoʻllab-quvvatlash kengashi« tashkil etilgan. Mazkur kengash doirasida mamlakatdagi oʻqish oʻzbek tili olib borilayotgan 105 ta maktabga zarur yordam koʻrsatilmoqda. Vazir oʻrinbosari ulugʻ ajdodlarimiz Navoiy va Bobur ijodiga toʻxtalar ekan, ularning oʻzbek tili rivoji va jahon ilm-fani hamda mumtoz adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini eʼtirof etdi.
Afgʻoniston tomoni, «Navoiyxonlik«, «Boburxonlik« kechalarini va ularning tarixiy merosini oʻrganishga doir qoʻshma ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Oʻzbekiston elchisi Oybek Usmonov oʻz navbatida, oradan asrlar oʻtsada, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ikki xalqni birlashtirib turuvchi koʻprik boʻlib qolayotganiga eʼtibor qaratdi.
Jurnalist Hasan Toʻlqin oʻz chiqishida, Afgʻonistonda Alisher Navoiy ijodiga oid 10 dan ortiq ilmiy asarlar 10 ming nusxada chop etilganini va ushbu faoliyat bugun ham faol davom etayotganini bildirdi.
Tadbir davomida Kobulda oʻzbek olimlari Said Muhammad Labib va Azizulloh Orol hammuallifligida tayyorlangan «Navoiy hayoti va ijodi« nomli kitobning taqdimoti oʻtkazildi.
Ishtirokchilari eʼtiboriga oʻzbek xalqining ulugʻ ajdodlarimiz haqida tayyorlangan videofilmlar namoyish etildi. Shuningdek, afgʻon yoshlari tomonidan Navoiy va Bobur gʻazal va ruboiylari namunalaridan oʻqib berildi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan Navoiy va Bobur asarlari hamda oʻzbek milliy hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasi ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.