Koʻchma fotoelektrik energiya manbai ishlab chiqildi

    Fan 17 Yanvar 2022 3096

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti olimlari tomonidan kichik quvvatli koʻchma fotoelektrik energiya manbai ishlab chiqildi.

    Kristalli kremniydan tayyorlangan fotoelektrik batareyalar asosidagi, quvvati 40-80 Vt boʻlgan koʻchma fotoelektrik manbaa (KFEM) respublikaning qishloq hududlarida foydalanish uchun moʻljallangan. Dala va fermer xoʻjaliklarida qishloq aholisiga qulaylik yaratish maqsadida uyali telefonlar, noutbuklar, kompyuterlar, televizorlar, zamonaviy svetodiod lampalar asosidagi yoritish tizimlari va boshqa elektr isteʼmolchilarini quvvat bilan taʼminlash uchun ishlatiladi.

    Mazkur KFEM qurilmasi zamonaviy kontroller, GEL tipidagi akkumulyator va invertor bilan jihozlangan. KFEM qurilmasi parametrlarining quyoshli tabiiy sharoitlarga bogʻliqligi oʻrganilgan va quvvati 150 Vt gacha boʻlgan ~ 220 V, – 12 V va –5,4 V kuchlanishga moʻljallangan isteʼmolchilar uchun samarador koʻchma fotoelektrik energiya manba qurilmalarini loyihalash va ishlab chiqarish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Hozirda qurilma respublikaning Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq joylarida sinovdan oʻtkazilyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi matbuot xizmati.