Vazirlar Mahkamasining 13.10.2022-yildagi “Koʻchma savdo faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-avgustdagi 485-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 591-son qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, endilikda davlat organlari va tashkilotlariga, shu jumladan, obodonlashtirish va yoʻl tashkilotlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan hamda vaqtincha foydalanilmayotgan yer uchastkalari, shuningdek, tuman (shahar) zaxirasidagi yer uchastkalari “K — SAVDO” tizimi orqali “E-auksion” elektron savdo platformasida koʻchma savdo obyektini joylashtirish uchun tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali 3 yilgacha (yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlashda foydalaniladigan yengil konstruksiyali koʻchma muzlatgichlar uchun koʻpi bilan 10 yilgacha), shuningdek, mavsumiy kafelarni oʻrnatish uchun ijaraga berilishi mumkin.

Koʻchma savdo obyektlari toifasiga100 kvadrat metr maydondan koʻp boʻlmagan lotoklar, palatkalar, savdo aravalari, peshtaxtalar, avtodoʻkonlar, avtotirkamalar, avtotsisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari, mobil konteynerlar, yengil konstruksiyalar, shu kabi va shunga oʻxshash boshqa koʻchma savdo obyektlari kirishi belgilanmoqda.

Shuningdek ilgari koʻchma savdo obyektlarida faqatgina oʻtirish joylari tashkil etmasdan, donalab sotiladigan taomlarni sotish mumkin boʻlgan boʻlsa, endilikda kichik oshxonalar tashkil etishga ruxsat berildi.

Maʼlumot uchun : kichik oshxona — isteʼmolchilarga oson tayyorlanadigan taomlar va zakuskalar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat koʻrsatishni tashkil etuvchi korxona. Sotiladigan mahsulotlar turiga koʻra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan boʻlishi mumkin: kabobxona, palovxona, somsaxona, sosiskaxona, chuchvaraxona, cheburekxona, pirojkaxona, blinchikxona va shu kabilar.

Shuningdek koʻchma savdo obyektlarida quyidagi faoliyatga ruhsat berilmoqda:

  • yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yengil konstruksiyali koʻchma muzlatgichlarda saqlash va sotish;
  • yengil turdagi transport vositalarini (yengil avtomobil, velosiped, samokat, skuter va boshqalar) ijaraga berish va taʼmirlash xizmatlari;
  • elektromobillarni zaryadlash;
  • sartaroshlik xizmatlari;
  • kosmetolog xizmatlari;
  • poyabzal taʼmirlash xizmati;
  • maishiy texnika vositalarini taʼmirlash xizmati;
  • kalit yasash xizmati

Quyidagi joylarda koʻchma savdo obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:

  • maʼmuriy binolarda;
  • jamoat transporti bekatlarida;
  • piyodalar oʻtish joylaridan oldin 15 metrdan kam masofada

Shuningdek roʻyxatdan oʻtkazilgan koʻchma savdo obyektlarini yoki uning bir qismini boshqa shaxsga foydalanishga yoki ijaraga berishga oʻrnatilgan taqiq bekor qilinmoqda (foydalanishga yoki ijaraga berish Davlat soliq qoʻmitasining maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimida amalga oshiriladi)

Umumiy ovqatlanish tashkilotiga tutash yoki 5 metrdn oshmaydigan masofada joylashgan, boʻsh turgan koʻchma savdo joyi elektron onlayn-auksionsiz umumiy ovqatlanish yoki savdo sohasida qoʻshimcha xizmat koʻrsatish uchun ijaraga berilishi mumkin.

Xokim yordamchilari, jismoniy va yuridik shaxslar koʻchma savdo joyini “K — SAVDO” tizimiga kiritish huquqiga ega. Bunda gʻolib deb topilgan jismoniy shaxs 5 ish kuni ichida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishi shart.

Hujjat Qonun xujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.10.2022-yildan kuchga kirdi.