Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-son Farmoniga asosan, sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda bitimlarni rasmiylashtirish jarayonida axborot xavfsizligi va maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida:

  • Adliya vazirligi Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar oʻrtasida elektron maʼlumotlar almashish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (roʻyxat raqami: 3790, 16.03.2026-y.) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

2026-yil 1-apreldan koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblarning amalga oshirilganligi notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashish yoʻli bilan aniqlanadi.

Unga koʻra, endilikda notariuslar koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblar boʻyicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiradi.

Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;
  • Bank tomonidan taraflar oʻrtasida shartnoma boʻyicha kelishilgan pul mablagʻlari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvaragʻiga kirim qilinadi;
  • Shartnoma toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan amalga oshirilsa, tegishli eskrou hisobvaragʻiga taraflar oʻrtasida kelishilgan (boshlangʻich) pul mablagʻlari kirim qilinadi;
  • Shartnoma toʻliq yoki qisman kredit mablagʻlari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron maʼlumot yuboriladi;
  • Xaridor yoki uning vakilining bankdagi (bank kartasi, talab qilib olinguncha, elektron hamyon) hisobvaraqlaridan eskrou hisobvaraq sifatida foydalanilishi mumkin;
  • Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;
  • Notarius eskrou hisobvaragʻida mablagʻlar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi;

Pul mablagʻlari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi yoki hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar ularning soʻroviga koʻra naqd shaklda taqdim etiladi.