Farmonga koʻra, koʻchmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlashning zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etish va keng qoʻllash, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy aktivlari oʻsib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

  • respublikadagi mavjud 8 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 7 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;
  • koʻchmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qoʻyish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati oʻzaro mutanosib boʻlishini taʼminlash;
  • koʻchmas mulk bozoriga oid ishonchli, toʻliq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazani yaratish;
  • soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish.

2025-yildan bosqichma-bosqich barcha koʻchmas mulk obyektlari ularning bozor narxiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan oʻtkaziladi.

Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • 2025–2026-yillarda – eksperiment tariqasida Toshkent shahrida;
  • 2026–2027-yillarda – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
  • 2027-yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.