Farmonga koʻra, koʻchmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlashning zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etish va keng qoʻllash, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy aktivlari oʻsib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
- respublikadagi mavjud 8 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 7 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;
- koʻchmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qoʻyish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati oʻzaro mutanosib boʻlishini taʼminlash;
- koʻchmas mulk bozoriga oid ishonchli, toʻliq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazani yaratish;
- soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish.
2025-yildan bosqichma-bosqich barcha koʻchmas mulk obyektlari ularning bozor narxiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan oʻtkaziladi.
Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- 2025–2026-yillarda – eksperiment tariqasida Toshkent shahrida;
- 2026–2027-yillarda – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
- 2027-yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.