Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati maʼlum qildi.
Ish hujjatlariga koʻra, 1980-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan Z. N. oʻzining xizmat mavqeidan foydalanib fuqaro L. B.ni aldagan.
Uning ishonchiga kirib, tez tibbiy yordam boʻlimida ishlovchi yuqori mansabdagi tanishlari orqali koll-markazga ishga kiritib qoʻyishini aytgan. Va buning evaziga undan 2 000 AQSH dollari talab qilgan.
L. B. fuqaro Z. N.ning xatti-harakati noqonuniy ekanini tushunib, holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. L. B.ga kimyoviy ishlov berilgan pullar va audioyozuv qurilmasi berilgan. Hamma narsa rejaga asosan amalga oshirilib, Z. N. “Kogon tuman elektr taʼminoti” korxonasi oldida pulni olgan paytida 2 000 AQSH dollari bilan ushlangan.
Sudlanuvchi qilmishiga toʻliq iqror boʻlib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Oʻz harakatlarini tasdiqlab, qonuniy yengillik soʻragan. Z. N.ning ayol kishiligi, chin dildan pushaymonligi inobatga olinib, 1-yil muddatga mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlikka oid vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilgan hamda oylik ish haqining 15 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda 2-yil 2 oy axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.