KOICAning Oʻzbekistonda taʼlim, davlat boshqaruvi, tibbiyot va raqamlashtirish sohalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi alohida taʼkidlandi. Agentlik tomonidan qiymati 250 million dollardan ortiq 40 dan koʻproq loyiha va dastur amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, hamkorlikni yanada faollashtirishning aniq yoʻnalishlari, jumladan, mamlakatimiz hududlarida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, infratuzilmaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega hududiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonda eksport va investitsiya siyosatini boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha loyihalarga konsalting va texnik koʻmakni jalb etishga kelishildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va KOICA oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda davlat boshqaruvi va maʼmurchiligini raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va taʼlim sohasini rivojlantirish sohalarida umumiy qiymati 300 million dollarlik 29 ta istiqbolli loyiha oʻz aksini topdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.