Koʻkdala tumanida sodir boʻlgan YTH yuzasidan maʼlumot berildi

    Tashvishli xabar 28 Noyabr 2022 1978

    “Labo” avtomobilining yukxonasida boʻlgan ikki nafar yoʻlovchilar ogʻir tan jarogʻatlari olib voqea joyida vafot etgan.

    2022-yil 12-noyabr kuni soat 09:30 larda, Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumani, Toshli MFY hududidan oʻtuvchi 4R-87 avtomobil yoʻlining 46-kilometrida 1986-yilda tugʻilgan haydovchi B.Sh. “Labo” rusumli avtomobilning yukxonasida odam tashish qoidalarini buzgan holda yoʻlovchilar mindirib harakatlanayotgan vaqtda yoqilgʻisi tugab transport vositasi sekinlashgan.

    Haydovchi avtomobilni yoʻl chetiga olib chiqayotgan vaqtda ushbu yoʻnalishda, ortidan harakatlanib kelgan haydovchi, 1987-yilda tugʻilgan Gʻ.T. “Isuzu” rusumli avtomobilda yoʻl chetiga harakatlanayotgan “Labo”ning aynan odamlar minib olgan qismiga qattiq zarb bilan toʻqnashgan va ikkala yuk avtomobillari yoʻl chetiga agʻdarilgan.

    YTH natijasida, “Labo” avtomobilining yukxonasida boʻlgan ikki nafar yoʻlovchilar ogʻir tan jarogʻatlari olib voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, besh nafar yoʻlovchilar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

    Mazkur YTH yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi Yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.