Koʻkdaladagi yongʻin yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 259-moddasi (yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Shu yilning 16-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani Oltindala mahallasida joylashgan aholiga gaz toʻldirish stansiyasi hududida yoqilgʻi saqlanadigan rezervuarda chaqnash yuz bergani haqida xabar bergan edik. Afsuski, portlashda 4 kishi halok boʻlgandi.

    Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur yongʻin boʻyicha Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 259-moddasi (yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Ayni paytda sohaning tegishli mutaxassislari ishtirokida yongʻin koʻlami hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

    Jinoyat ishi doirasida sud-tibbiy, sud-kimyoviy, biologik, kriminalistik va yongʻin-texnikaviy ekspertizalar tayinlangan.

    Tergov harakatlari davom etmoqda.