– Namangan viloyatining Uychi tumanida tugʻilib oʻsgan oddiy qishloq ayoli boʻlganman. Sohadagi faoliyatimni qishloq kolxozida hisobchi vazifasidan boshlaganman. Keyinchalik dehqon, fermer sifatida xizmat qildim. Qishloq xoʻjaligidagi 29 yillik mehnatimdan bugun chin maʼnoda faxrlanaman.
13 yil oldin “Uychi Obod Zamin” fermer xoʻjaligida rahbarlikka kirishganimda katta tajribaga ega emasdim. Oʻshanda 120 gektar yer maydonida gʻalla, paxta ekib, baʼzan rejadan ancha kam hosil olgan vaqtlarim boʻlgan. Yillar davomida turli mashaqqatlarni yengib oʻtib, hozirda oilaviy boshqarayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligimizdan yaxshi daromad olyapmiz.
Mana, uch-toʻrt yildirki, mamlakatimizda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni keng nishonlanib kelinmoqda. Bu yilgi bayram arafasida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Kuni kecha koʻksimga taqilgan nishon yuksak ishonch ramzidir. Doim uni oqlashga, odamlarimiz uchun fidoyi xizmat qilishga astoydil bel bogʻlayman. Mazkur mukofot alohida masʼuliyat talab etadi. U nafaqat meniki, balki bir necha yillardan beri kamina bilan yelkama-yelka javlon urayotgan fermer xoʻjaligimiz jonkuyar ishchi-xodimlarining qoʻshgan ulkan hissasi deb bilaman.
Ilohim, hamisha yuzimiz yozimiz yorugʻ, hosilimiz moʻl, xalqimiz farovon boʻlsin!
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining agrar va suv
xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi.