Prezidentimizning shu yil 28-iyundagi “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, bir guruh fidoyi va mard oʻgʻlonlar davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Taqdir tuhfasini qarangki, taqdirlanganlar orasida men ham bor edim. Bundan ham quvonarlisi, mazkur yuksak mukofotni Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirda shaxsan davlatimiz rahbarining qoʻlidan olish baxtiga musharraf boʻldim!
Katta hayajon bilan Prezidentimiz turgan sahnga koʻtarilar ekanman, beixtiyor koʻzim samimiy tabassum bilan termulib turgan davlatimiz rahbarining nigohlariga tushdi. Nigohlar goʻyo menga bunday derdi: “Men seni yaxshi bilaman, sen — xalqning suyanchi, Vatanning umidisan. Bu qorakoʻz insonlar uchun hali sen koʻp ishlar qilasan. Kerak boʻlsa, mana men senga togʻday tayanch boʻlishga tayyorman”. Prezidentimiz koʻksimga yuksak mukofotni taqar ekan, “Munosib boʻl!” dedi. Albatta, menga bildirilgan bu ishonch, bu ragʻbat butun umr kuchquvvat, shijoat bagʻishlaydi.
Prezidentimiz oʻsha kuni yuksak minbarda turib soʻzlagan nutqida bir hikmatli gap ni qaytaqayta taʼkidladi: “Ilmdan oʻzga najot yoʻq”. Chindan ham, ilm va maʼrifat buyuk kelajagimizning poydevori. Bu yoʻlda xizmat qilayotgan insonlarning birinchi qatorida, albatta, pedagoglar turadi. Oʻzim ham shu sohada ishlayotganimdan mamnunman. 2018-yildan buyon Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi sifatida faoliyat yurityapman.
“Qaysi millatning ona tili oʻz vazifasini oʻtay olmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab, tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamayoq insoniy huquqlaridan ajraydi va hayot daftari uzra inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir”, degan edi ulugʻ alloma Alixontoʻra Sogʻuniy.
Chindan ham har bir millatning jahon maydonidagi mavqei shu mezon asosida oʻlchanadi. Ona tilining rivoji esa, bevosita shoir, yozuvchi, olim va pedagoglarning faoliyati bilan uzviy bogʻliq. Faoliyatim davomida ijodim, ilmiyommabop maqolalarim va pedagogik ishim orqali ona tilimiz rivojiga hissa qoʻshishga harakat qilyapman.
Qisqa mehnat faoliyatim davomida qator yutuqlarni qoʻlga kiritdim. Xususan, 2020-yili “Ustoz2020” tanlovida sertifikat bilan taqdirlandim. Oʻquvchilarim koʻriktanlovlar va fan olimpiadalarida yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Dars davomida, asosan, oʻquvchilarda mustaqil fikr va dunyoqarashni shakllantirishga eʼtibor qarataman. Oʻqishni musobaqaga aylantirmayman. Oʻqish ehtiyoj ekanini uqtiraman.
Har bir narsa muhofaza va eʼtiborga muhtoj. Shu jumladan, til ham! Vatan sarhadini askarlar dushmandan asrasa, milliy tilni ijodkor va olimlar yot unsurlardan saqlashga intiladi, uning taraqqiyoti uchun kurashadi. Shu jihatdan oʻzimni yosh va izlanuvchan ijodkor sifatida chegarada turgan askarday his qilaman. Xususan, til va adabiyot masalalari va muammolariga oid “Gomerdan Homergacha”, “Grajdan nega fuqaro emas”, “Millat nomusi”, “Aytmasam, tilim kuyadi”, “Gar Navoiy soʻz uzatti...”, “Tugʻishgan soʻzlar” singari maqola va izlanishlarimda tilshunoslik va adabiyotshunoslikdagi qator dolzarb muammolarni qalamga olganman.
Koʻksimdagi davlat mukofotiga qarab turib bugun men ham bunday degim keldi: Vatanim uchun, xalqim uchun fidoyilik bilan xizmat qilishga hamisha shayman!
Menimcha, oʻsha kuni men bilan mukofot va medal olgan barcha yoshlarning fikri shunday.









