Bugun men uchun unutilmas, shu bilan birga, nihoyatda hayajonli kun. Prezidentimiz farmoni bilan “Kelajak bunyodkori”, degan yuksak mukofotga loyiq ko'rilib, Yoshlar kunida ko'plab iqtidorli yigit-qizlar qatori ko'ksimga davlat mukofoti taqilganidan ruhlandim. Shu darajaga etishimda doim yonimda turib, qo'llab-quvvatlagan ota-onam, yaqinlarim ham men uchun quvondi.
Prezidentimiz doim har sohaga ilm bilan yondashish zarurligini ta'kidlaydilar. Biz yoshlar bundan motivatsiya olamiz. Mana shu ilm ortidan o'qib-o'rgandik, izlanishlar qilyapmiz, natijasi esa mamlakat yigit-qizlarining so'nggi yillarda har jabhada erishayotgan yutuqlarida namoyon bo'lyapti.
O'zim yosh bo'lishimga qaramasdan, hamisha intiluvchan, ilm olishdan to'xtamaydigan, yangilik yaratish harakatidagi yigit-qizlar bilan ishlashdan zavqlanaman. Ayniqsa, tanlagan sohasini puxta egallab, o'zi va atrofdagilarni ish bilan ta'minlayotgan, yaxshi daromad topish barobarida, yangi tashabbuslar bilan faollik ko'rsatayotgan yoshlar safi kengayib borayotgani quvonarli.
Birgina zamonaviy sohalarni olayik. Bundan 6-7 yil oldin yurtimizda IT, startap, degan tushunchalar deyarli yo'q edi. Yoshlarning loyihalarini qo'llab-quvvatlaydigan, mablag' ajratib, g'oyalarini ixtirolarga ayldantiradigan tanlovlar ham bo'lmasdi. O'zim ham startapchi bo'lgan kezlarim, loyihamni qaerga olib borishni bilmasdan, ko'p boshim qotgan. Mana, bugun g'oyaga ega, ilm yo'lida izlanish olib borayotgan yoshlar borki, loyihalarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda ilmiy, startap loyihalarni soddalashtirilgan tizim orqali moliyalashtirish mexanizmi yo'lga qo'yilgan. Istiqbolli loyihalar uchun davlat byudjetidan 1 milliard so'mgacha mablag'lar ajratilyapti. Bu yigit-qizlar uchun katta imkoniyat.
Buning natijasida yurtimizning barcha hududlari, hatto, eng chekka qishloqlarida ham yoshlarning ilm-fanga, zamonaviy sohalarga qiziqishi ortib boryapti. Quvonarlisi, bunday iqtidor egalarini bir joyda birlashtirib, g'oyalarini qo'llab-quvvatlaydigan turli markazlar, tashkilotlar qoshida guruhlar faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. Prezidentimiz qarori bilan 2019-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi ana shunday iqtidorli va tashabbuskor, innovatsion g'oyaga ega, startapchi yoshlar uchun imkoniyatlar maydoniga aylandi.
Ayni paytda akademiyaning 2000 dan ortiq a'zosi bor. Ular geologiya, matematika, fizika, qishloq xo'jaligi, kimyo sanoati, sog'liqni saqlash, ta'lim, sun'iy intellekt, dasturlash, 3D modellashtirish va boshqa yo'nalishlarda o'z loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. A'zolar orasida innovatsion va amaliy ishlanmalarini hayotga tatbiq etib, muayyan soha rivojiga hissa qo'shayotgan faol jamoalar ko'pchilikni tashkil etadi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan ko'plab loyihalar hayotimizga keng joriy etilmoqda. Xususan, ayni paytda turli sohalarda foydalanilayotgan, tug'ma qo'lsiz va hayoti davomida qo'li amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar, kiyimlar, bolalar o'yinchoqlari va boshqa uy-ro'zg'or buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga mo'ljallangan “CleanBox” qurilmasi, maishiy chiqindilar asosida sun'iy uglerodlashtirilgan material olish qurilmasi va boshqa bir qancha ixtirolar o'zbek yigit-qizlari, xususan, Yoshlar akademiyasi a'zolari tomonidan yaratilgani bizni quvontiradi.
O'zim ham faoliyatim davomida 18 dan ortiq innovatsion ishlanmalar yaratib, turli xalqaro va mahalliy tanlovlarda ishtirok etib kelyapman. Jarayonda jahon tajribasini ham kuzatib amin bo'lamanki, kamdan-kam davlatlarda yoshlarga bu qadar keng imkoniyatlar berilib, loyihalari qo'llab-quvvatlanadi. Biz o'zimizdagi imkoniyatlardan to'g'ri va unumli foydalanib, bunga o'z intilishimiz, ilm va mehnatimiz bilan javob berishimiz kerak. Shaxsan o'zim, menga bildirilgan yuksak ishonchni yurtimiz, jamiyatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shish orqali oqlashni maqsad qilganman.
Firdavs NE'MATZODA,
O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining YOshlar akademiyasi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi







