Kollej va texnikumlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi

    Ta'lim 3 Oktabr 2023 2423

    Hukumat qarori bilan nizom qabul qilindi

    Hukumat qarori (516-son, 29.09.2023 y) bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) boʻyicha taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻliq davlat granti asosida taʼlim olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilindi

    Nizomga koʻra, kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablagʻlari respublika byudjetidan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

    Kollej va texnikumlarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar oʻquv yilining 10-oktyabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

    Arizalar taalluqliligi boʻyicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

    Hududiy boʻlinmalar har yili 15-oktabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

    Vazirlik har yili 20-oktyabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar roʻyxatini taalluqliligi boʻyicha tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

    Vazirlik va idoralar mazkur roʻyxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun zarur mablagʻ ajratish yuzasidan har yili 25-oktyabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablagʻlarni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

    Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024 oʻquv yilidan davlat granti asosida taʼlim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.