Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan bildirilgan rasmiy munosabatida maʼlum qildi.
2025-yil 16-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etilgani haqida tarqalgan xabar jamoatchilikda katta rezonans uygʻotdi. Holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni oʻz nazoratiga olganini maʼlum qildi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi qizning huquqlari, psixologik va ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Holat boʻyicha keys ochilgan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz birlamchi koʻmak xonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda psixolog tomonidan dastlabki suhbat oʻtkazilmoqda.
Maʼlumot uchun: Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining Markaziy tergov hibsxonasi tartibot boʻlimi safdori Sh.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.