Mustaqil Komissiya aʼzolari tergov hibsxonasida ushlab turilgan shaxslar bilan suhbatlashishdi. Xususan, boʻlib oʻtgan holatlar va voqealarda jinoyat sodir etgani uchun hibsga olingan Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.
Uchrashuv davomida D.Tajimuratov advokat bilan taʼminlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yoʻqligini, oila aʼzolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv oʻtkazilganini hamda posilka va yoʻqlovlar olayotganini maʼlum qildi.
D.Tajimuratovning soʻzlariga koʻra, unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar boʻlmagan. Ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday eʼtirozi yoʻqligini bildirdi.
Komissiya aʼzolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning Tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yoʻl qoʻyilmaganiga guvoh boʻldi.