Yuqorichirchiqda yangi  koʻprik

 Yuqorichirchiq tumanining Qizilsoy mahallasida uzunligi 96, kengligi 13 metrli yangi koʻprik ishga tushirilishi nafaqat mahalla, balki tuman ahli uchun ham quvonchli voqea boʻldi.

Koʻprikning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yurt obodligi va xalq farovonligi yoʻlida xizmat qilishi kerak boʻlgan bunday koʻpriklar mamlakatimizdagi izchil islohotlarning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.

Tumanda aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida 7 ta mahallada 19,2 kilometr ichki yoʻlga asfalt yotqizildi. Nurafshon mahallasidagi 1,4 kilometr ichki yoʻl taʼmirlandi.

Eng asosiysi, mahalla boʻylab jamoat transporti harakati yoʻlga qoʻyildi. Tumandagi Nurli zamin mahallasida joylashgan 1-mahalla huquq-tartibot maskani ishga tushishi ham alohida bir yangilik boʻldi. Endi u “Nurli zamin”, “Saxovat”, “Yangihayot”, “Jaloltepa”, Ahmad Yassaviy va “Qizilsoy” mahalla fuqarolar yigʻinlariga ham  xizmat koʻrsatadi.

Ohangaronda yangi zavod ishga tushdi

Bugun Ohangaron tumaniga katta hajmda xorijiy investitsiya jalb etilayotgani hudud eksport salohiyati yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

Yaqinda tumanda “Toshkent conch cement” MCHJ tomonidan klinker sement ishlab chiqaruvchi yangi yirik zavod ishga tushirildi. Ushbu voqeani Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, ikki davlat rahbarlarining oʻzaro uchrashuvlaridagi muzokaralarning amaldagi samarasi sifatida eʼtirof etish mumkin.

2019-yil 22-oktyabrda korxona bilan tuman hokimligi kelishuvi asosida yangi zavod qurilishi uchun 34,2 gektar, maxsus karyer uchun esa 183,3 gektar yer ajratildi. Loyihaning umumiy qiymati 320 million AQSH dollariga teng. Mahsulotining 30 foizi eksportga moʻljallangan zavod kuniga 6300 tonna klinker sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. U ishga tushishi bilan 300 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Xorijiy hamkor Xitoyning “Anhui Conch Group Co.Ltd” kompaniyasi boʻlib, uning dunyo boʻylab 500 dan ortiq shoʻba korxonasi mavjud.

 — Yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasini, xalqimizning tom maʼnodagi zamonaviy tarixini barpo etish yoʻlida ulkan marralar olindi, — deydi  Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Abdurasul Abdullayev. — Natijada innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatga yuqori texnologiyalarni joriy etish, qulay investitsiyaviy muhit yaratish yoʻlida yangi-yangi imkoniyatlar paydo boʻlmoqda.  Bu zavod bugun tumanda amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin  namunasidir.

 Ohangaron Toshkent viloyatining sanoati rivojlangan tumanlaridan. Hududdagi yangi sanoat loyihalariga xorijlik investorlarning qiziqishi tobora ortib borayotir. Xitoylik tadbirkorlar bu borada alohida faollik koʻrsatmoqda.

Chirchiqda  8 ta korxona ish boshlaydi

Prezidentimiz  shu yil avgust oyi boshida Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida ham boʻldi. Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan  mazkur texnopark oʻtgan yilning mart oyida ochilgandi.

Texnoparkning umumiy maydoni 35,1 gektar boʻlib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Uchta maydonga boʻlingan mazkur texnoparkda qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich obyektlar kesimida tashkil etilgan.  Bugungi kungacha 10,2 million dollarlik 5 ta loyiha ishga tushirildi.  

— “Rodium polimer” masʼuliyati cheklangan jamiyati texnoparkda tashkil etilgan korxonalardan biri boʻlib, bu yerda koʻpiklantirilgan polipropilen ishlab chiqariladi, — deydi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direktori Jahongir Abdurahmonov. — Loyiha qiymati 3,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxonada yiliga ikki  ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi va ikki million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Shu yil yakuniga qadar qiymati 18,5 million dollar boʻlgan yana 8 ta loyiha ishga tushiriladi va 61,8 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Ushbu saʼy-harakatlar hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Angren: toʻyga toʻyona bilan...

“Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Eden-pupe production group” MCHJ  korxonasi foydalanishga topshirilishi mustaqillik bayramiga munosib sovgʻa boʻldi. Yangi korxona ichimlik suv va oqova tarmoqlarida keng foydalaniladigan quvurlar tayyorlaydi.

Eng asosiysi, Angren shahri va Ohangaron tumanida “Yoshlar daftari”ga  kiritilgan yoshlarning bandligi taʼminlanib, 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Ushbu sanoat zonasida yana 42 ta loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda va 5 mingdan ziyod ish oʻrni ochilishi arafasida. Istiqlolimizning oʻttiz ikki yillik sanasi munosabati bilan bu kabi tashabbuslar hudud aholisiga katta sovgʻa boʻlmoqda.  

Bekobodda yangi investitsiya oʻzlashtirilmoqda

Joriy yilda Bekobod tumanida 10 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirish belgilangan boʻlib, yanvar-iyun oylarida shuning 5,6 million dollari oʻzlashtirildi.

Yaqindagina Bekobod shahri kichik sanoat zonasida xitoyliklar bilan hamkorlikda “Shengli stell” qoʻshma korxonasi foydalanishga topshirildi. “Temir chiqindilarini qayta ishlash” loyihasi uchun 5 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, 100 ga yaqin odam ishli boʻldi. 

Pskentda Fargʻona tajribasi

Toshkent viloyati hududlarining ichki imkoniyatlari va iqlim sharoitidan kelib chiqib yangi bogʻlar barpo etish, tok navlarini yangilash va sara navlar yaratish maqsadida oltiariqlik mirishkor bogʻbonlarning ilgʻor tajribasi tatbiq etilmoqda.

 Viloyat hokimligi matbuot xizmati bergan maʼlumotlarga koʻra, Pskent tumanida 390 gektar yer uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. Uning 20 gektarida agroturizm imkoniyatlari qoʻllanilib, 40 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, uzumchilikda 370 gektarda kooperatsiya usulida ish tashkil qilinadi va 740 kishi ish bilan taʼminlanadi. Buning evaziga 5 ming 920 tonna hosil olinib, uning 3 ming 600 tonnasi vinochilikka, 2 ming 320 tonna qayta ishlashga  yoʻnaltiriladi.

Jumladan, yangi bogʻlarda dastlabki 3 yilda oraliq ekin sifatida piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi va bodring yetishtiriladi. Yaqindagina Fargʻonaning Oltiariq, Qoʻshtepa tumanlaridan kelgan bogʻbon va agronomlar oʻzlari yetishtirgan mevalar, boy tajribasini Toshkent viloyati bogʻbonlari  bilan oʻrtoqlashdi va hamkorlikda istiqbolli loyihalar boʻyicha kelishib oldi. 

Boʻka ishsizlikdan xoli hudud boʻladi

Joriy yil 2-avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Boʻka tumanidagi ishlab chiqarish tarmoqlarini yanada rivojlantirish borasida kerakli tavsiyalar berildi. Bundan koʻzlangan maqsad  tuman byudjetiga qoʻshimcha 30 milliard soʻm tushumni taʼminlashdir. Bu esa hududda  yillik tushumni koʻpaytirish va bandlik masalasi hal boʻlishiga, tuman “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylanishiga imkon beradi.

Shuni eʼtiborga olgan holda tuman mahallalarida soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha maxsus shtab ish boshladi. Unga Soliq boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi, Kadastr va Davlat aktivlarini boshqarish agentliklari, Markaziy bank hamda boshqa davlat idoralarining viloyat va tuman tuzilmalaridan malakali mutaxassislar jalb qilingan. Ular tumandagi 44 mahalla va ularda faoliyat yuritayotgan 2776 tadbirkorlik subyektini xatlovdan oʻtkazdi.

Oʻrganishlar natija berdi. Umumiy maydoni 111573 ming kvadrat metr boʻlgan 240 ta boʻsh turgan bino va 190,6 gektar boʻsh yer maydoni borligi aniqlandi. Joylarda past quvvatda ishlayotgan 444 ta korxona faoliyati oʻrganildi.

Shu bilan birga, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritiladigan oʻttizdan ziyod salohiyatli tadbirkor borligi aniqlandi. Yangi loyiha doirasida tumandagi 25 ming 651 ta xonadon xatlovdan oʻtkazilib, aholiga kredit, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer maydoni ajratish rejalashtirilgan. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida  8 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.  

Koʻngillarga koʻchayotgan bayram

Darhaqiqat, bu yil xalqimiz istiqlolning muborak sanasini Vatanimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilgan davrda kutib olmoqda. Ular­ning ruhiyati, kelajakka ishon­chi, gʻayrat va shijoati ham mutlaqo oʻzgacha. Taraqqiyotning yangi toʻlqinidan kuch olgan  yangi Oʻzbekiston xalqi buyuk kelajagini oʻz qoʻli bilan qurishga qodir ekanini hayot­da oʻz soʻzi va mehnatlari bilan  isbotlab turibdi!

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri