Jizzax viloyatidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi yuz nafarga yaqin kam taʼminlangan, imkoniyati cheklangan, “Ayollar daftari”,”Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimiz, maktab-internat tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbiri oʻtkazildi.

Jizzax davlat pedagogika instituti bugun viloyatning Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sh.Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahridagi 10 ta mahalla bilan yaqin hamkorlik ishlarini amalga oshirmoqda. Ayni kungacha  mahallalardagi uyushmagan yoshlar bilan yaqin muloqot yoʻlga qoʻyildi. Iqtidorli yoshlar aniqlandi. Imkoniyati cheklangan, xususan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar turli toʻgaraklarga jalb etildi. Har bir mahallada bitiruvchi sinf oʻquvchilari, ularning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Oliygoh homiylikka olgan maktab bitiruvchilari institut professor-oʻqituvchilarining begʻaraz darslari tufayli oliygohlarga oʻqishga kirdi.

Jizzax davlat pedagogika instituti talabalari tayyorlagan teatrlashtirilgan konsert dasturida elimiz eʼtirofidagi sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiq, sahna koʻrinishlari mehr-muhabbat va eʼtiborga muhtoj insonlar qalbiga iliqlik olib kirdi. Tadbir soʻngida barcha ishtirokchilarga bayram sovgʻalari  ulashildi.

Oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat va shukronalik tuygʻusi xalqimizning maʼnaviy hayoti, milliy qadriyat va anʼanalarining ajralmas qismi boʻlib kelgan. “Biz turlimiz, biz tengmiz” shiori  ostida oʻtkazilgan tadbir tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, chin insoniy fazilatlarni mustahkamlash, odamlarni yaxshilik qilishga, yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi mehr va oqibat bayramiga aylanib ketdi.