Jumladan, professor-oʻqituvchilardan ixtiyoriy tashkil topgan koʻngilli 12 ta katta guruh tuzilib, pandemiyaga qarshi kurashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan Qoʻngʻiroqlar markazida 3 smenada 24 soat uzluksiz fuqarolarning savollariga javob bermoqda.

Bugungi kunda dunyoda, xususan, Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni oshib borayotgani xalqimizda katta tashvish uygʻotmoqda. Shu bilan birga, xalqimizni yana-da hamjihat boʻlishga undamoqda.

Ushbu kasallikning oldini olish va yengishda yana-da qulaylik yaratish maqsadida yagona — 1003 qisqa raqamga ega chaqiruv markazi ishga tushirildi. Mazkur raqam orqali fuqarolar qoʻngʻiroq qilib, koronavirus infeksiyasi, oʻz salomatligi va yaqinlarining ahvoli bilan bogʻliq savollarga javob va tavsiyalar olmoqda.

Nizomiy nomidagi TDPU professor-oʻqituvchilari ham koronavirus oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni toʻgʻri baholab, targʻibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, professor-oʻqituvchilardan ixtiyoriy tashkil topgan koʻngilli 12 ta katta guruh tuzilib, pandemiyaga qarshi kurashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan Qoʻngʻiroqlar markazida 3 smenada 24 soat uzluksiz fuqarolarning savollariga javob bermoqda.

Ushbu markazda koronavirus boʻyicha 1003, 1105 raqamlari orqali fuqarolarning murojaatlariga javob berib kelinmoqda. Dastlabki kunlarda aholi koronavirus infeksiyasi, uning alomatlari va yuqishi, oldini olish choralari haqida soʻrab murojaat qilgan. Hozir ommaviy axborot vositalari va onlayn nashrlarda keng tushuntirishlar berilgani sababli aholining xabardorligi ancha oshib, bu kabi savollar kamroq berilyapti.

Endi ular asosan muayyan vaziyatga oid tavsiyalar soʻrashmoqda. Xususan, professor-oʻqituvchilar koronavirus pandemiyasining oldini olishda, eng avvalo, fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha maslahatlar, kasallikda gumon qilinayotgan yoki kasallik alomatlari boʻlgan bemorlarning tezroq tibbiy, psixologik yordam olishiga koʻmaklashmoqda.