Ishchi guruhi tomonidan Ustyurt va Buxoro-Xiva hududlaridagi neft va gaz qazib chiqarish obyektlaridagi ishlarni toʻgʻri tashkil etish holati oʻrganildi.

Mutaxassislar burgʻilash maydonlarida qoʻllanilayotgan asbob-uskunalar, mustahkamlash quvurlari va ularning texnologik jihatdan jihozlanganligini koʻzdan kechirishdi. Burgʻilash hamda tamponaj qorishmalarining tezkor nazorat-tahlili oʻtkazilib, ish rejalari va boshqa tegishli hujjatlari oʻrganildi.

Olingan natijalar asosida aniqlangan loyihadan chetga chiqish holatlari, ularning sabablari, kelib chiqishi mumkin boʻlgan asoratlar va h.k.lar qayd qilinib, tezkor ravishda tahlil qilish uchun loyiha tashkilotining markaziy ofisiga taqdim etildi va yuzaga kelgan muammoli masalalar boʻyicha texnologik yechimlar ishlab chiqildi.

Quduqlarni burgʻilash ishlari konlarni ishlash jarayonida eng muhim bosqichlardan biri sanalib, quduqning ekspluatatsion tavsifi hamda uning ishlash davomiyligi aynan burgʻilash ishlarining bajarilishi sifatiga bogʻliqdir. Quduqlarni qurish va kapital taʼmirlash ustidan monitoring va nazoratning olib borilishida ushbu vazifalarni loyihachi tashkilotning tezkor ishtirokida hal etish imkonini beradi.

Geologik-gidrodinamik nazorat doirasida, tasdiqlangan kompleks loyihaga muvofiq konlarni jihozlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligi va ularning qazib olinayotgan loyihaviy gaz hajmini tashish tizimining oʻtkazuvchanlik koʻrsatkichlariga taʼsiri tezkor tahlil qilindi va baholandi

Ushbu tadbirda amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha yangi ishga tushirilgan quduqlarni burgʻilash va kapital taʼmirlash natijalarini koʻrib chiqish bilan konlarni ishlash tahlili, keyingi ishlatish quduqlarini burgʻilash hamda toʻxtab turgan quduqlarni kapital taʼmirlash boʻyicha geologik-texnik chora-tadbirlarni shakllantirish orqali quduq fondi dinamikasi tahlil qilinadi, yaqin kelajak uchun konlarining ishlab chiqarish imkoniyatlari prognoz qilinadi.

Joriy ishlash holatini tizimli tahlil qilish natijalari quduqlarni burgʻilashni monitoring va nazorat qilish materiallariga, raqamli geologik-gidrodinamik modellashtirishdan foydalanib, ularni maqbul joylashtirish, quduqlarning texnologik ish rejimi parametrlarini nazorat qilish, amalga oshirilgan mahalliy ishlardan olingan natijalar yuzasidan tezkor taqdim etilgan uglevodorod qazib olish koʻrsatkichlarini bajarish boʻyicha gazni yigʻish hamda tashish tizimiga asoslanadi. Ushbu maʼlumotlardan keyingi bosqichda texnologik yechimlarni qabul qilish va amaldagi loyiha hujjatlariga tuzatishlar kiritishda foydalaniladi.

«Oʻzbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati