Hujjat Prezidentning 2.03.2020-yildagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi PF-5953-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Qaror bilan FVV, Fanlar akademiyasi va Energetika vazirligining “Dengizkoʻl”, “Hisor”, “Qandim” va “Oqqul” konlarida uglevodorodlarni qazib olishning seysmogeodinamik jarayonlarga taʼsirini monitoring qilish tizimini (keyingi oʻrinlarda - monitoring tizimi) 1.03.2021-yildan eʼtiboran joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi. Tizim xalqaro tajribalar asosida “Dengizkoʻl”, “Hisor”, “Qandim” va “Oqqul” konlarini oʻzlashtirishda sinab koʻrildi.
Neft va gaz konlarini oʻzlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga taʼsirini monitoring qilish tizimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- muntazam seysmometrik, geofizik va kosmik geodeziya kompleks kuzatuvlarini tashkil etish va amalga oshirish;
- uglevodorod xom ashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni neft va gaz konlarida seysmiklikning oʻzgarishi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash;
- favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi kuchli texnogen zilzilalarning ehtimoli va koʻlamini prognozlashtirish, shuningdek seysmik rejimning oʻzgarishi natijasida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi mumkin boʻlgan alohida xavfli vaziyatlari toʻgʻrisida manfaatdor tashkilotlarga zudlik bilan xabar berish.
Shuningdek Nizomda monitoring tizimini tashkil etish, uni amalga oshirish va moliyalashtirish tartibi qayd etilgan.
Energetika vazirligiga quyidagi vazifalar topshirildi:
- 1.01.2021-yilga qadar Fanlar akademiyasi va FVV bilan birgalikda respublika hududida oʻzlashtirilayotgan neft va gaz konlarida monitoring tizimi tashkil etiladigan konlar roʻyxatini shakllantirish;
- mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan neft va gaz konlarida monitoring tizimini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shuningdek tadqiqotlar uchun zarur boʻladigan barcha maʼlumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishini nazoratga olish;
- Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Elektron hukumat” tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimining funksiyalarini monitoring tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda takomillashtirish va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 26.11.2020-yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buxoriy