2021-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining qasamyodida asosiy qomusimizni isloh qilish zaruriyati mavjudligini va bu mamlakat aholisidan kelib tushganligini taʼkidladi.

Konstitutsiyaning 29 yilligiga bagʻishlangan nutqida esa Prezident Bosh qomusga kiritilishi lozim boʻlgan 9 ta yoʻnalishni belgilab berdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan Asosiy qonunimiz talablarini toʻliq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar borligini, xalqimiz hayoti darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda taʼminlash boʻyicha hali koʻplab ishlar qilinishi lozimligi aytildi. Chunki fuqarolar islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun oʻz hayotida his etishlari zarur.

Jahon mamlakatlarining konstitutsiyalariga yuzlanar ekanmiz, ular ham oʻz vaqtida davr va ijtimoiy muhit taqozosida asosiy qonunning oʻzgarishiga va yanada takomillashishiga sabab boʻladigan islohotlarni amalga oshirganliklariga guvoh boʻlamiz. Jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlari ham 1789-yildan to bugunga qadar oʻz konstitutsiyalariga 33 bora qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritganliklariga amin boʻlamiz. Deyarli 3 asr davomidagi oraliq uchun bu kamlik qilishi mumkin, lekin AQSH konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish uchun mamlakatdagi jami shtatlarning toʻrtdan uch qismi mazkur oʻzgartirishni maʼqullashi zarur hisoblanadi. Dunyodagi eng katta konstitutsiya hisoblanmish Hindiston konstitutsiyasi ham 1950-yildan boshlab hozirgi davrga qadar 105 ta oʻzgartirish va qoʻshimchalarni boshidan oʻtkazgan.

Shunday ekan, mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda, ayniqsa ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yanada jadallashtirish lozimligi barobarida konstitutsiyaviy islohotlarni ham oʻta dolzarb masala sifatida kun tartibiga qoʻyilayotgani oʻz navbatida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻyishida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.

Bugun oldimizga qoʻygan maqsadimiz esa asosiy Qonunimizga shunchaki ayrim moddalariga oʻzgartirish kiritish emas, balki butunlay yangilashni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish hisoblanadi. Zero, Konstitutsiyamizni barqaror, zamon bilan hamnafas shaklga keltirish Bosh qomusimizga kelajakda tez-tez oʻzgartirish kiritilishni taqozo qilmaydi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda “Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini toʻliq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak”.

Hozirda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil qilingan boʻlib, faol fuqarolarimiz tomonidan tushayotgan takliflarni umumlashtirib, tahlil qilish, rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish, statistik maʼlumotlarni tahlil qilish va boshqa bir qator muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

Fuqarolar oʻzlarining takliflarini www.meningkonstitutsiyam.uz onlayn platformasi, taklif taklif@meningkonstitutsiyam.uz yoki taklif@2022.uz elektron pochta manzillari, telegram messenjerining maxsus boti (@meningkonstitutsiyam_bot), shuningdek 1341 qisqa raqamli “Koll-markaz”lari orqali yuborishlari mumkinligi esa mazkur islohotning bavosita jamoatchilik fikri asosida amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.

Xulosa oʻrnida davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlarini keltirib oʻtish, maqsadga muvofiq “Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini toʻliq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak”.

Ulfat Shonazarov,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy
fanlar kafedrasi mudiri v.v.b.