Har qanday jamiyatda erkin va farovon turmush tarzi shakllanishida qonun ustuvorligi “poydevor” vazifasini bajaradi. Qonun ustuvorligiga erishishda esa Bosh qomus – Konstitutsiya asos boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekiston xalqining ana shunday erkin va farovon jamiyat barpo etish kafolati boʻlgan Konstitutsiyasi bugun 29 yoshda! Tarix silsilasida 29 yil – bu oʻta qisqa fursatdir. Lekin ana shu qisqa fursat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda farovon turmush tarzini taʼminlash nuqtayi nazaridan dunyoning yetuk davlatlari Konstitutsiyalari orasida oʻzining munosib oʻrnini egallay oldi. Bu holat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi erkin va farovon turmush tarziga asoslangan jamiyat barpo etish uchun zarur boʻlgan barcha omillarni oʻzida mujassamlashtirganidan dalolat beradi.

Erkin va farovon jamiyat tuzishning asosiy omillaridan biri inson huquq va erkinliklarining kafolati sanaladi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklariga alohida boʻlim ajratilgan boʻlib, unda fuqarolarning huquq va erkinliklari, shu bilan birga ularning burchlari batafsil yoritilgan. Inson huquq va erkinliklarining alohida boʻlimda mufassal berilishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqaro ekspertlarning ham eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Erkin va farovon jamiyat barpo etishning yana bir muhim jihati inson, uning shaʼni, qadr-qimmatiga boʻlgan yuksak hurmat, fuqarolarning oʻzaro tengligi, ularning munosib turmush tarzini taʼminlovchi huquqlariga toʻliq amal qilinishi sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mazkur jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, konstitutsiyamizning 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat, deb eʼtirof etilgan.

Inson huquqlari haqida soʻz borganda, shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur huquqlar orasida maʼlum bir millatning oʻziga xos xususiyatlaridan, mentalitetidan kelib chiqib shakllangan huquqlar ham mavjud boʻladi. Shu nuqtayi nazardan dunyo konstitutsiyalari tahlil qilinganda, ularda jami 117 xil inson huquqlari aks etgani maʼlum boʻlgan. Tadqiqotchilar olib borgan tahliliga koʻra, mazkur 117 xil inson huquqlarining 13 tasi Fransiya Konstitutsiyasida, 35 tasi AQSH Konstitutsiyasida, 44 tasi Buyuk Britaniyaning Konstitutsiya maqomidagi hujjatida, 48 tasi Germaniya Konstitutsiyasida, 55 tasi esa Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻz ifodasini topgan. Mazkur tahlil Oʻzbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklariga yuqori darajada ahamiyat berilib, ular Konstitutsiya bilan mustahkam kafolatlanganidan dalolat beradi. Koʻrinadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklariga keng oʻrin berilishi zamirida erkin va farovon jamiyat barpo etishdek oliy maqsad mujassamlashgan. Zero, inson huquq va erkinliklarini yuksak darajada taʼminlash erkin va farovon jamiyat barpo etishda asosiy omil boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.

Nasir Rajabov,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat

xavfsizligi universiteti Tillarni

oʻrganish kafedrasi professori, f.f.d.(PhD), dotsent