Oʻtgan yillar davomida adliya, sud-huquq, prokuratura tizimida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarni koʻz oldingizga keltirib koʻring: ularning barchasi zamirida inson huquqlarini himoyalashning samarali mexanizmi shakllandi. Shaxsan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sohani yana-da demokratlashtirishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Asosiy Qonunimizning 15-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar”, deya mustahkamlab qoʻyilgani bejiz emas.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashning galdagi sharti, bu aholining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻliq.
Biz har qancha mukammal qonunlar yaratmaylik, agar fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati yetarlicha boʻlmas ekan, koʻzlangan maqsadga erishishimiz qiyin kechadi. Shu maʼnoda, Konstitutsiya hamda qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyatni har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot hamda faoliyat tarziga aylantirish yoʻlidagi ishlarimizni yana-da kuchaytirishimiz oʻrinlidir.
Bu borada Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Soʻrov boʻyicha huquqiy targʻibot” loyihasi doirasida davlat organi va tashkiloti xodimlarining huquqiy bilimlari oshirib kelinmoqda. Yaʼni davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga konstitutsiyaviy bilimlar berish barobarida ularning bilim va tafakkurlarini sinovdan oʻtkazish maqsadida “Konstitutsiya haftaligi” eʼlon qilingan. Avvalo, ushbu faoliyatni boshlashimizga ular bilan yil boshidanoq tasdiqlab olingan hamkorlikdagi Memorandumlarimiz asos vazifasini oʻtamoqda. Chunki har qanday hamkorlik erishilishi kutilayotgan va qoʻyilgan maqsadni tizimli ravishda olib borishga undaydi.
Shu maʼnoda, haftalik doirasida adliya boshqarmasi, tuman (shahar) adliya boʻlimlari hamda Namangan viloyat yuridik texnikumi bilan hamkorlikda 20 ta davlat idoralarida huquqiy axborot kunlari tashkil etilib, ayni bir vaqtda bu jarayon qizgʻin davom etmoqda. Mazkur uchrashuvlarning ahamiyatli jihati shundaki, unda xodimlarning huquqiy bilimlarini maxsus test orqali sinovdan oʻtkazish va baholashga eʼtibor qaratilmoqda.
Umumiy tahlillar shuni koʻsatmoqdaki, olingan test natijalarida xodimlarning 45 foizi yuqori, 30 foizi oʻrta va 25 foizi past natijalar bilan baholandi. Bu esa ular bilan kelgusida alohida tizimli ishlash va soha xodimlarini muntazam ravishda yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini oʻrganishga ehtiyojlari borligini aniqlashga imkon bermoqda.
Oʻtayotgan haftalikning avvalgilaridan farqi, bunda xorij tajribasining milliy huquq tizimimizdan asosiy farqlari va konstitutsiya boʻyicha asosiy faktlar bilan boyitilgan maʼlumotlar bilan tanishtirib borish soha xodimlarining qiziqishiga sabab boʻlmoqda.
Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonda faollik, yaratuvchanlik ruhi bilan yashash har bir inson uchun hayot taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylanyapti. Tabiiyki, bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Bularning tub zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan maqsad hamda vazifalarni soʻzsiz ijro etish yoʻlidagi saʼy-harakatlaru mashaqqatlar yotibdi.
Xayrullo SOBIROV,
Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi.