AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiya bayramini yuqori saviyada oʻtkazish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2023-yil 16-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Mazkur farmoyish ijrosi yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, topshiriq ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yoritishga va bayramona ruhni shakllantirishga qaratilgan tarqatma materiallar (banner, videorolik, plakat va boshqalar) tayyorlanib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda vazirlik va idoralarga elektron shaklda yetkazildi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining barcha moddalari boʻyicha (oʻzbek tilida) videorolik olinib, vazirlikning “Youtube”dagi rasmiy sahifasiga joylashtirildi. “Oriat dono” radiosida Konstitutsiya kuni munosabati bilan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda radioviktorina oʻtkazildi.Nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Maftunkor ranglar jilosi” mavzusida rasmlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazmada 200 dan ortiq rasmlar namoyish etildi.
Konstitutsiya mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha respublika boʻylab “Targʻibot poyezdi” tashkil qilindi. Uning tarkibida Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchilari va talabalari taʼlim muassasalari va aholi gavjum joylarda targʻibot tadbirlarini amalga oshirdi. Toshkent shahridagi 77-son maktabda koʻzi ojiz shaxslar uchun Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini oʻquvchilarga tushuntirib berish boʻyich ochiq dars tashkil etildi. Dars yakunida koʻzi ojiz shaxslar uchun “brayl” alifbosidagi Oʻzbekiston Respublikasi Kostitutsiyasi oʻquvchilarga kitob va audio shaklida tarqatildi.
Bugungi kunda barcha tuman (shahar) markazlarida “Konstitutsiya koʻchasi”ni tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahridagi Sayilgoh koʻchasida “Konstitutsiya koʻchasi”da bir qator ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotokoʻrgazmasi, bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi koʻrgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyani oʻrgatish boʻyicha zamonaviy metodika asosida tayyorlangan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va maxsus adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, konstitutsiyaviy huquqlar boʻyicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar burchaklarini tashkil etilib, mazkur burchaklarda koʻrgazmali materiallar joylashtirildi. Fuqarolarning Konstitutsiyaga oid bilimini sinovdan oʻtkazish boʻyicha viktorina oʻtkazilib, gʻoliblar Konstitutsiya kitobi va sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan umummilliy Konstitutsiya imtihoni oʻtkazildi. Imtihonda respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek xorijiy davlatlarda boʻlib turgan jami 210 720 nafar fuqaro ishtirok etdi. Respublikamizdagi Davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida “Konstitutsiya burchagi” tashkil qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boʻyicha flayerlar elektron koʻrinishida barcha DXMlariga yuborildi.
Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yaratilishi tarixiga bagʻishlangan hujjatli film suratga olinib, vazirlikning “Youtube”dagi rasmiy sahifasiga joylashtirildi. Shuningdek, “Konstitutsiyada OAVga oid 5 ta muhim qoida”, “Konstitutsiyada ekologiyaga oid 7 ta muhim qoida”, Konstitutsiyada taʼlim olish huquqiga oid 5 ta muhim maʼlumot” kabi videoroliklar ham joylashtirildi.
“Huquqiy axborot” telegram kanalida #Konstitutsiyaning_30_ta_asosiy_qoidasi rukni ostida kontentlar berib borilmoqda.