Bu jarayonda intellektual mulk obyektlarining ayrim turlari, xususan, sunʼiy intellekt, dasturlash, maʼlumotlar bazasini yaratish hamda ularga boʻlgan mualliflik huquqlari himoyasi har bir davlatning ilmiy-texnikaviy salohiyati va raqobatbardoshligini belgilab beruvchi belgilardan biri hisoblanadi.
Intellektual mulk obyektlari bugun fuqarolik muomalasiga eng koʻp kiritiladigan, ayniqsa, rivojlangan davlatlarning katta daromad manbai boʻlgan, iqtisodiyotni rivojlantirish va ishlab chiqarish korxonalarini yangi texnologiyalar bilan jihozlashga koʻmaklashadigan, inson tafakkuri va yangi bilimlarga asoslangani bilan ajralib turadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga muvofiq, “Har kim oʻzi muallif boʻlgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlardan kelib chiqadigan maʼnaviy va moddiy manfaatlarini himoya qilishga haqlidir”. Shunga koʻra, butun dunyoda mualliflar va ularning huquqiy vorislari manfaatlarini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Zero, intellektual mulkni himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlari joriy etilishi rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti poydevorini tashkil etadi. Butun dunyoda intellektual mulkka oid xalqaro shartnomalarning maʼmuriy boshqaruvi BMTning maxsus ixtisoslashgan tashkiloti — Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston 1991-yil 25-dekabr kunidan mazkur tashkilotning teng huquqli aʼzosi hisoblanadi. Tashkilot 1970-yil 26-apreldan rasman faoliyat boshlagan. 2000-yildan esa 26-aprel Xalqaro intellektual mulk kuni sifatida butun dunyoda keng nishonlab kelinadi.
Oʻzbekistonda ham keyingi yillardagi sud-huquq islohotlari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarda intellektual mulk huquqini samarali himoya qilish tizimini yaratish milliy innovatsion taraqqiyot strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mamlakatimizda intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlib, bugungi kunda Fuqarolik kodeksi, “Intellektual mulk toʻgʻrisida”gi, “Patent toʻgʻrisida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar sohani tartibga soladi.
Sohani rivojlantirishdan toʻxtamasdan, intellektual mulkni ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida keng koʻlamli islohotlar davom etmoqda.
Xususan, 2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish, ilmiy va badiiy ijod erkinligi, shaxsiy mulk daxlsizligi kabi meʼyorlar alohida oʻrin oldi. Bu esa intellektual mulk sohasini konstitutsiyaviy huquqlar tizimida alohida oʻringa chiqardi. Xususan, Konstitutsiyada har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi kafolatlangan.
Shu nuqtayi nazardan, intellektual mulk egalari, ijodkorlar, tadbirkorlar va tashkilotlar oʻz huquqlari buzilganda davlatning yuqori huquqiy institutsiyalariga murojaat qilish huquqiga ega.
Bu borada Konstitutsiyaviy sudning roli alohida ahamiyatga ega boʻlib, qonunlar va boshqa normativ hujjatlar Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlash orqali fuqarolar huquqlarini himoya qilishda muhim funksiyani bajaradi. Ushbu sudning qarorlari mamlakatimizda huquqiy barqarorlik va aniqlikni taʼminlashda, fuqarolarda odil sudlovga ishonchni oshirishda muhim oʻrin tutadi.
Konstitutsiyaviy sud fuqarolar, yuridik shaxslar, Oliy sud, ombudsman va boshqa subyektlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar asosida qonun va qarorlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish orqali intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Masalan, agar amaldagi biror qonun intellektual mulk egalari huquqlarini cheklasa yoki ularga noteng munosabatda boʻlsa, bunday holatda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunda koʻrsatilgan subyektlar tomonidan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash haqida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilinadi. Bu kabi holatlar Konstitutsiyaviy sud tomonidan qayta koʻrib chiqiladi va huquqbuzar normalarni konstitutsiyaga muvofiq emas, deb topish orqali huquqiy aniqlik taʼminlanadi.
Shuningdek, 2024-yil 10-sentyabrda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Jumladan, qonunga muvofiq, patent egasi oʻzining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadigan mexanizm boʻyicha belgilanadi.
Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sifatini oshirish, huquqbuzarliklar sonini kamaytirish hamda intellektual mulk himoya qilinishini kuchaytirish va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga boʻlgan huquqlarni himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishni nazarda tutadi.
Sud-huquq tizimidagi islohotlar davomida odil sudlovga erishish, huquqiy yordam kafolatlanishi, shaxs daxlsizligi, huquqiy aniqlik va huquq ustuvorligi prinsiplari intellektual mulk sohasida ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Sudlarda koʻrilayotgan ishlar statistikasi koʻrsatmoqdaki, sohadagi nizolar yildan yilga koʻpayib bormoqda. Masalan Oliy suddan olingan maʼlumotga koʻra, iqtisodiy sudlarda 2023-yilda shunday mazmundagi 94 ta ish koʻrilgan boʻlsa, 2024-yilda ular soni keskin kamayib, 25 tani tashkil etdi. Biroq 2025-yilning olti oyida 78 ta ish koʻrilgani nizolar soni yana keskin ortib borayotganini koʻrsatadi. Bu holat intellektual mulk bilan bogʻliq iqtisodiy nizolar tobora koʻpayayotganidan va ularni hal qilish zarurati oshib borayotganidan dalolatdir.
Maʼmuriy sudlarda ham intellektual mulkka oid ishlar muttasil oʻsishda. Agar 2023-yilda 20 ta ish koʻrilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 30 taga yetdi. 2025-yilning yarim yilligida esa 15 ta ish qayd etilgan. Bu holat sud ishlari barqarorligini anglatadi. Biroq rad etilgan daʼvolar ulushi (jami 44 ta) yuqoriligi murojaatlarda asosli dalillarni taqdim etish darajasi yetarli emasligini koʻrsatmoqda.
Fuqarolik sudlarida ham intellektual mulk sohasidagi ishlar soni koʻpaymoqda. 2023-yilda 28 ta, 2024-yilda 29 ta, 2025-yilning olti oyida esa 31 ta ish koʻrildi. Bu tendensiya fuqarolar va tashkilotlarning intellektual mulk huquqlarini sud orqali himoya qilishga intilishi kuchayganini yaqqol ifodalaydi.
Yuqoridagi tahlil koʻrsatadiki, intellektual mulk sohasidagi nizolar nafaqat iqtisodiy munosabatlarda, balki maʼmuriy va fuqarolik sudlarida ham tobora koʻpaymoqda. Bu esa quyidagi muhim holatlarni tasdiqlaydi.
Birinchidan, fuqarolar va biznes subyektlari intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalasiga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
Ikkinchidan, sudlarga murojaatlar soni ortishi aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalayotgani, sud hokimiyatiga ishonch mustahkamlanayotganidan dalolat bermoqda.
Uchunchidan, ayrim ishlar rad etilgani esa huquqiy savodxonlikni yanada oshirish va murojaatlarni tayyorlashda professional huquqshunoslar yordamini kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Umuman olganda, intellektual mulk sohasida sud ishlari koʻpayishi huquqiy munosabatlar jonlanayotganidan, huquqiy kafolatlarga ehtiyoj oshib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa kelgusida intellektual mulkni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, sud amaliyoti samaradorligini oshirish hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni talab etadi.
Ammo buning oʻzi yetarli emas. Kelgusida intellektual mulk huquqini himoyalashga oid sud amaliyotini takomillashtirish, sohadagi mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, innovatsion mahsulotlar uchun mahalliy patent bozorini shakllantirish, xalqaro huquqiy tajriba asosida qonunchilikni muvofiqlashtirish, jamiyatda intellektual mulkka boʻlgan hurmatni oshirish kabi ishlarni kuchaytirish lozim.
Xulosa qilib aytganda, intellektual mulk huquqini samarali himoya qilish faqatgina iqtisodiy manfaatlarni emas, balki insonning shaxsiy, ijodiy va mulkiy huquqlarini taʼminlashga qaratilgan murakkab va strategik ahamiyatga ega masaladir. Intellektual mulk sohasidagi munosabatlar davlatning huquqiy siyosati, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi bilan chambarchas bogʻliq.
Hozirgi kunda intellektual mulk sohasida raqamlashtirish, elektron roʻyxatga olish, onlayn patentlash tizimlari joriy etilishi soha uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq huquqni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish, maxsus sudlar yoki sud hayʼatlari tashkil etish, huquqiy taʼlimni kuchaytirish, jamoatchilik ongini yuksaltirish kabi yoʻnalishlar ham hozirgi islohotlarning mantiqiy davomi boʻlishi lozim.
Innovatsion iqtisodiyotning huquqiy poydevori boʻlgan intellektual mulk sohasiga konstitutsiyaviy yondashuv sud amaliyotida teng va xolis qarorlar qabul qilinishi, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish bilan birga rivojlanadi. Shu bois, bu sohani huquqiy, institutsional va maʼrifiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati va xalqaro nufuzi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kozim KOMILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist








