Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

Birinchi vazifa: Takliflarni toʻplash, umumlashtirish, shakllantirish asosida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Qonun loyihasini tayyorlash;

Ikkinchi vazifa: Davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik xulosalari, statistik maʼlumotlar va boshqa axborotlarni soʻrab olish;

Uchinchi vazifa: Ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;

Toʻrtinchi vazifa: Konstitutsiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;

Beshinchi vazifa: Zarurat tugʻilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;

Oltinchi vazifa: Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga koʻrib chiqish uchun yuborish.

Shuningdek, yigʻilishda fuqarolar va keng jamoatchilik vakillarining takliflarini yigʻib olish, umumlashtirish, ularni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish mexanizmi ham ishlab chiqildi.

Takliflarni yigʻish jarayoni quyidagi shakllarda tashkil etiladi: 

Fuqarolar va tashkilotlar oʻz takliflarini “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi, mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, “Koll-markaz”, pochta, shu jumladan elektron pochta hamda Telegram maxsus boti orqali yuborishlari mumkin boʻladi.

Kelib tushgan barcha takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda Komissiya huzuridagi Yigʻma axborot-tahlil guruhiga yuboriladi. Shuningdek, takliflar bildirgan fuqarolar bilan qayta aloqa oʻrnatilib, ularga tegishli javob qaytariladi.

Konstitutsiyaviy komissiya huzuridagi Yigʻma axborot-tahlil guruhiga kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligi boʻyicha xulosa tayyorlaydi va har haftada kamida bir marotaba Komissiya aʼzolariga taqdim etadi.

Konstitutsiyaviy komissiya oʻz majlislarida takliflarni koʻrib chiqadi va muhokama qiladi. Muhokama natijalari boʻyicha Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin boʻlgan takliflar saralanib, tegishli loyiha shakllantiriladi.

Komissiya yigʻilishida Matbuot xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, uning tarkibi va media-rejasini oʻz vaqtida va sifatli bajarish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Matbuot xizmatining asosiy vazifasi xalqimizni, keng jamoatchilikni Komissiya, uning ishchi guruhlari faoliyati va Konstitutsiyaviy islohotlarning keyingi bosqichlari haqida xolis, oʻz vaqtida va keng tarzda xabardor qilib borish, ushbu jarayonlarning shaffofligini taʼminlashdan iborat.

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati oʻz faoliyatida quyidagilarga katta eʼtibor qaratadi:

Birinchidan, Konstitutsiyaviy komissiya va uning ishchi guruhlari faoliyatiga bagʻishlangan brifing va matbuot anjumanlarini tashkil etish;

Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy komissiya bilan aholi, keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyatlari institutlari, ommaviy axborot vositalari oʻrtasida qayta aloqa oʻrnatish;

Uchinchidan, Konstitutsiyaviy islohotlarning borishi haqida, shu jumladan ekspertlarni jalb qilgan holda, intervyu uyushtirishlar orqali tushuntirish ishlarini olib borish.

Matbuot xizmati faoliyatiga mamlakatimizning yetakchi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarining tajribali vakillari, yetuk jurnalistlar jalb qilingan.

Aytib oʻtish kerakki, Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati tomonidan takliflar bilan ishlash jarayoni boʻyicha har hafta matbuot anjumani tashkil etiladi.