2020-yilning 13-oktyabr kuni Gʻijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga “Buktaroy” mahallasi Bobogʻozi qishlogʻida yashovchi, 2000-yilda tugʻilgan Navoiy Davlat Pedagogika instituti 2-bosqich talabasi G.S ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida nomaʼlum shaxs 2020-yil 11-oktyabr kuni soat 19:30 larda uning “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi shaxsiy sahifasini “HAMKOR BANK“ nomli guruhga qoʻshib, ushbu guruhda ”Kontakt qoʻshing va yutuqlardan biriga ega boʻling” aksiyasida ishtirok etishni, uyali aloqa telefonidagi kontaktlarni mazkur guruhga qoʻshib, yutuqlardan biriga ega boʻlishi mumkinligini, yutuqlar va vaqt chegaralanganligini bildirgan.
Shundan soʻng jabrlanuvchi G.S telefon kontaktlarini mazkur guruhga qoʻshganidan soʻng vaʼda qilingan yutuqlardan biriga ega boʻlish uchun, guruh administratorining shaxsiy sahifasiga oʻzining plastik kartasini rasmga tushirib tashlab bergan.
Natijada nomaʼlum shaxs tomonidan G.S plastik kartasi hisobida boʻlgan 2.793.900 soʻm pullarini yechib olib, unga moddiy zarar yetkazgan holda ijtimoiy tarmoq orqali oʻgʻirlik jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Gʻijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni Fargʻona viloyati Qoʻqon shahri Chashma koʻchasida istiqomat qiluvchi 2002-yilda tugʻilgan Sh.N. sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan.
Hozirgi kunda Sh.N.ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati