Unda vazirlik mas’ullari, manfaatdor idoralar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari, advokatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanni vazirlik huzuridagi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Behzod Ruziyev ochib berdi. U oylik doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar va kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot taqdim etdi.
Kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining buzilishiga, yashirin iqtisodiyot kengayishiga hamda yillar davomida yaratilgan brendlarga nisbatan ishonchning pasayishiga olib keladi. Bunday tovarlar iqtisodiyot va jamiyatga jiddiy zarar yetkazadi. Eng muhimi, ular sanitariya va xavfsizlik talablariga javob bermasligi mumkin. Qalbaki dori-darmonlar, oziq-ovqat yoki shaxsiy gigiyena vositalari inson salomatligiga xavf tug‘diradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 28-yanvardagi PQ–4965-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, har yili 15-fevraldan 15-martga qadar respublika bo‘ylab kontrafakt mahsulotlar savdosiga qarshi “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkaziladi.
— Bu borada 1008 ishonch telefoni faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, fuqarolar Adliya vazirligining rasmiy veb-sayti orqali yoki hududiy adliya organlariga bevosita murojaat qilishi mumkin.
Agar iste’molchi muayyan brend orqali aldangan bo‘lsa, avvalo huquq egasiga murojaat etishi lozim. Chunki tovar belgisi ma’lum shaxsga tegishli bo‘lib, uning huquqlari buziladi.
Brend nomi o‘zgartirib qo‘llanilgan holatlarda esa adliya organlari tomonidan huquq egasi bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkaziladi. Masalan, savdo nuqtalarida “Snickers” o‘rniga yozilishi yoki dizayni jihatidan o‘xshash “Stickers” kabi mahsulotlar uchrasa, bu haqda xabar berish muhim dedi, — Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Behzod Ruziyev.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda intellektual mulk huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 1 614 ta holat aniqlangan. Natijada 244 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan, 37 nafar tadbirkorga 1 mlrd 817,5 mln so‘m moliyaviy jarima tayinlangan. 70 ta xulosa tayyorlanib, 194 ta intellektual mulk obyektining huquqiy himoyasi ta’minlangan.
— 2024-yilda Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, bojxona organlariga xalqaro bitimlar talablari asosida o‘z tashabbusi bilan chora ko‘rish vakolati berildi.
Agar bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida intellektual mulk obyektiga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, huquq egalari bir ish kuni ichida xabardor qilinadi. Ularning roziligi bilan tovarlarni chiqarib yuborish vaqtincha to‘xtatiladi va masala sud tartibida ko‘rib chiqiladi dedi, — Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Aminjon Mahmudov.
2026-yil 15-fevraldan 15-martga qadar o‘tkaziladigan “Kontrafaktsiz oy” doirasida:
yirik savdo majmualari va bozorlarda “Biz kontrafaktga qarshimiz!” shiori ostida targ‘ibot bannerlarini joylashtirish;
aholining qalbaki oziq-ovqat, gigiyena vositalari, alkogol va farmatsevtika mahsulotlaridan jabrlanishining oldini olish;
iste’molchi va tadbirkorlarning intellektual mulk sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish;
tadbirkorlarga tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish afzalliklarini tushuntirish;
vakolatli organlar xodimlarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Tadbir davomida intellektual mulk obyektlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan video-taqdimot namoyish etildi. Yakunda OAV vakillari va blogerlarning savollariga javob berildi.
“Kontrafaktsiz oy” oyligi kontrafakt mahsulotlar aylanmasini qisqartirish, halol raqobat muhitini mustahkamlash hamda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Madina Botirjonova,
Lobar Boboxonova