Samarqand shahar Rudakiy ko'chasida joylashgan “Ramufa” do'konida bo'lgan xaridor mashhur nomdagi bir quti sigareta sotib olishga puli yetmay qoladi. Sotuvchi esa xaridorga “xuddi shunday sigaretalar”ning arzonroq narxda  borligini bildirib, unga  xarid qilishni taklif etadi. Biroq chekuvchi inson kelib chiqishi  va sifati noma'lum  bunday mahsulotlarning qalbaki ekanligini bilmaydi, deyiladi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bergan xabarda.

Soxta mahsulotlar ishlab chiqarishda inson salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi sifati past, toksik materiallardan foydalanib tayyorlangani bilan xavflidir. Agentlik tomonidan 6 turdagi qalbaki tamaki mahsuloti — Milano London (KSSS) , Milano Paris, , Milano Geneva, Milano Nyu-York,  Milano Tech Lock White, Milano Tech Lock Black  kabi fil`trli sigaretalar laboratoriya sinovidan  o'tkazildi.  Aniqlanishicha, mahsulot qutisida (qadog'i) ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati ko'rsatilmagan. Shu bilan birga, ularda aktsiz markasi ham mavjud emasligi ma'lum bo'ldi.

Sinov tutun kondensatidagi nikotin miqdori va sigaret tutunidagi nam va nikotinsiz quruq kondensat (smola-qatron)ni aniqlash uchun o'tkazildi. Tekshiruv natijalari shuni ko'rsatdiki,  tamaki tutuni tarkibida inson hayoti uchun xavfli bo'lgan nikotin  me'yordan bir necha baravar ko'p chiqqan.

Agentlik bunday sigaretalar tarkibida  ko'plab zararli narsalar bo'lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Mutaxassislar zaharlanish holatlarini qayd etishadi. Noqonuniy tamaki mahsuloti ishlab  chiqaruvchilar  esa salbiy oqibatlar  uchun javobgarlikni o'z bo'yniga olmaydi. 

Xo'sh, asl mahsulotni kontrafaktdan qanday ajratish mumkin? Sigaretani sotib olayotganda e'tibor berishingiz kerak bo'lgan birinchi jihat — raqamli belgilar mavjudligi. Bugungi kunda har bir qutida maxsus  QR-kod mavjud bo'lib, sotish jarayonida o'qilib, mahsulot avtomatik muaomaladan  chiqariladi. Mobil aloqa yordamida har qanday iste'molchi sotib olingan tamaki mahsulotlarining haqiqiyligini tekshirish mumkin. Shundan so'nggina aksiz markasi va davlat tilidagi ogohlantirish yorliqlari mavjudligini tekshirib ko'rish tavsiya etiladi.

Iste'molchilar diqqatiga: tovarlarni sotib olishdan oldin yuqorida keltirilgan qalbakilashtirish belgilariga e'tibor berish kerak va ular aniqlangan taqdirda vakolatli nazorat organlariga yoki Agentlikning 1159 ishonch telefoni orqali ma'lum qiling.

Shuni ta'kidlash kerakki, bunday holatda sotuvchi  mahsulotning sifatidan xabadorligi bo'lmasa va uni sifatli deb hisoblasa  ham javobgar bo'ladi. Savdo ob'ektlari quyidagilarni bilishi kerak: O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy kodeksining 178-moddasiga muvofiq, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchilarga zarar yetkazish, shuningdek, iste'molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to'g'risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan iste'molchilarni tovarning iste'molga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg'itish, tovarni unga o'xshash mahsulotlar bilan almashtirib qo'yish, mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan o'zgartirish, xuddi shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.