Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat qiladi. Shuningdek, 856 ta uyda o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.

Keyingi yillarda ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, umumiy mulkni ta’mirlash va muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash bo‘yicha muayyan ishlar qilindi, aholiga sifat ko‘rsatish darajasi va ko‘lami oshdi. 

Shu bilan birga, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini oshirish orqali xizmatlar sifatini oshirish, qo‘shimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.

Mavjud boshqaruv kompaniyalarning aksariyati majburiy badal hisobidan faoliyat yuritmoqda, ularning faoliyatiga investitsiya kiritishga tayyor tadbirkorlar kam. Shuningdek, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar ko‘p. Bularning barchasi sohaga daromad keltiradigan yangi moliyaviy model ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan 2026-2030 yillarda ba’zi shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.

Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi.

Boshqaruvchi tashkilotlar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar, jumladan, o‘z mablag‘i, moddiy-texnik baza, 24/7 dispetcherlik xizmati mavjud bo‘lishi kabi shartlar belgilanadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha daromad manbalari sifatida maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Majburiy badallar hamda boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qo‘shimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.

Umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qo‘yiladi. Belgilangan tartib buzilgan taqdirda, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanadi. “Mening uyim” axborot tizimi orqali umumiy yig‘ilishni tashabbus qilish, muhokama o‘tkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va ko‘rib chiqish imkoniyatlari to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Agar har chorak yakuni bo‘yicha “Mening uyim” tizimiga hisobot ma’lumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash ma’lumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.

Ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, o‘rnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.

Yana bir masala – sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish. Avvalo, boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat ko‘rsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.

2026–2030 yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohani nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning byudjetdan tashqari jamg‘armalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga qisqa muddatda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.