Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri yuritiladi

    Hukumat qarori (853-son) bilan Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglament tasdiqlandi.

    Unga koʻra, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish hamda koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga biriktirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi belgilandi.

    Bunda talabgor yoki boshqarish organi soʻrovnoma berish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat etadi.

    Soʻrovnoma YAIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

    Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun BHMning 50 foizi (187 ming 500 soʻm) miqdorida Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim undiriladi.

    Soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, belgilangan yigimni toʻlamaslik davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

    Elektron reyestrga kirish uchun quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

    • talabgorning koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilari hamda moddiy-texnik bazasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar pasportining tasdiqlangan nusxasi;
    • tasdiqlangan shtatlar jadvali;
    • tegishli malaka sertifikat.